Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati maʼlum qilishicha, 4-mart kuni Davlatobod tumanida yashovchi ayol turmush oʻrtogʻini notanish shaxs orqali pul evaziga oʻldirishni rejalashtirayotgani haqida tezkor maʼlumot kelib tushgan. U bu ishni amalga oshirish uchun oʻzining jazmani bilan oldindan jinoiy til biriktirgan.

Davlat xavfsizlik xizmati, viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Aniqlanishicha, buyurtmachilar Telegram orqali shartli “qotil” bilan muloqot qilgan.

Ayol turmush oʻrtogʻi Cobalt avtomashinasida yolgʻiz harakatlanishini, uni “Andijon–Namangan” avtomobil yoʻlidagi ovloq joyda oʻldirib, avtomashinani yoqib yuborish kerakligini aytgan. Buning evaziga 6 ming AQSH dollari berishini bildirgan.

Tezkor tadbir doirasida jabrlanuvchining oʻldirilgani aks etgan holat sahnalashtirilgan. Shartli qotil bu jarayonni tasvirga olib, buyurtmachi ayol va uning jazmaniga namoyish etgan.

Shundan soʻng, buyurtmachilar kelishilgan pulning 5,5 ming AQSH dollarini shartli qotilga berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25 va 97-moddalari 2-qismi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.