Jarayonni viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, shahar va barcha tumanlar hokimlari zoʻr qiziqish bilan kuzatib borishdi. Viloyat rahbarining gʻayrati joʻshib, darrov maydonga tushdi va uloqqa qoʻshildi. U minglab yigʻilganlar olqishlari ostida davrani bir qur aylandi.

— Uloq-koʻpkari mard yigitlarning mashgʻuloti, bunga ishqibozlikning ham oʻziga yarasha gashti bor. Yurtimizga bayramlar yarashadi. Dalalarimizda hosil doimo moʻl-koʻl boʻlsin, biz shunday ajoyib tadbirlarni uyushtirishdan charchamaylik, — dedi viloyat hokimi.

Kosonsoylik yosh chavandoz Murodxon Abdurasulov ikki yildan beri ot chopadi, yoshi 13 da. Uning aytishicha, yoqtirgan shu zavqli sport turiga bolalikdan qiziqadi.

Darvoqe, mazkur musobaqaga taklif etilgan taniqli xonanda Toshpoʻlat Matkarimov “Oq tulporim bor edi...” deya koʻpchilikning sevimli qoʻshigʻini kuyladi. Taronaga chavandozlar otda turgan holda raqsga tushishdi.

Gʻalla va paxta rejasini ortigʻi bilan, birinchilardan boʻlib bajargan Toʻraqoʻrgʻon tumanining hokimasi Zulayho Mahkamova xursandchilikdan oʻyinga tushib ketdi. “Tumanimiz dehqonlari joriy yilda qishloq xoʻjaligining barcha sohalarida fidokorona mehnat qildi. Shukurki, mana, yuzimiz yurugʻ”, deydi Zulayho opa hayajon bilan koʻtarinki kayfiyatda.

Axborotni tayyorlayotganimdan xabar topgan namanganlik shoir va jurnalist Abdusattor Botirov bugun yozgan yangi sheʼri bilan oʻrtoqlashdi:

Ajdarhodek kishnaydi tulpor,

Tuyogʻini koʻkka koʻtarib.

Bir uloqqa mingta talabgor,

Osmonlarga koʻchar koʻpkari.

Chopishni-ku buzoq ham eplar,

Uchmasinmi tursa qamchilab?

Bilmaganlar samanni maqtar,

Otda emas,

Chavandozda gap!

Tashkilotchilar tomonidan sovringa tikilgan tuya, toy, buzoq, qoʻy-echki, televizor va boshqa qimmatbaho sovgʻalar uloqni belgilangan joygacha dadil ortmoqlab borganlarga tantanali topshirildi. Bellashuv qizgʻin kechdi.

Orifjon JOʻRAYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasining Namangandagi muxbiri.

Shohruh Kenjayev va viloyat hokimligi axborot xizmati olgan suratlar.