Bu haqda hokimlik axborot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, loyiha «Everbright Environmental Energy Namangan» MCHJ xoʻjalik jamiyati hamda xitoylik investorlar hamkorligida amalga oshirilib, umumiy 15 gektar yer maydonining 10 gektarida barpo etiladi.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, xorijiy hamkorlar, nuroniylar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Hokim ushbu loyiha kelgusida hudud iqtisodiyoti va ekologik barqarorligiga muhim hissa qoʻshishini qayd etdi.

Maʼlumotlarga koʻra, zavod ishga tushganidan soʻng yiliga 547,5 ming tonna maishiy chiqindi qayta ishlanib, 310 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Shundan 254 mln kVt·soat tarmoqqa uzatiladi, bu esa taxminan 300 ming aholining yillik elektr energiya ehtiyojini qoplash imkonini beradi. Shu bilan birga, korxona ishga tushishi natijasida 180 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Viloyatda hozirgi kunda 1 kunda oʻrtacha 1450 tonna, yillik 529,3 ming tonna chiqindi toʻplanadi. Loyihaning birinchi bosqichida 6 ta tumandan chiqindilar Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi qayta yuklash stansiyasiga yetkazilib, saralangan holda zavodga tashiladi.