Namangan viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, huquq-tartibot organlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida “Eshon” laqabi bilan tanilgan, muqaddam firibgarlik va bezorilik jinoyatlari uchun jazo oʻtagan Bahriddin Nasriddinov qoʻlga olindi.
Namangan viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabariga koʻra, Nasriddinov oʻz atrofiga jinoyatga moyil shaxslarni yigʻib, shahar hududida quyidagi ishlar bilan shugʻullangan:
- Fuqarolar oʻrtasidagi pul oldi-berdi masalalarini kuch ishlatish yoʻli bilan hal qilish;
- Oʻzini “koʻcha ishlari”ni hal qiluvchi yetakchi sifatida tanitib, aholiga bosim oʻtkazish;
- Oʻziga ergashmagan yoki “razborka”larga chiqmagan shaxslarni shafqatsiz jazolash.
Aniqlanishicha, guruh rahbari oʻz tanishini “koʻcha ishlarida ishtirok etmayapsan” degan vaj bilan “Barkamol avlod” mahallasiga chaqirgan. U yerda sheriklari bilan birgalikda jabrlanuvchini ayovsiz kaltaklab, oʻtkir kesuvchi jism (pichoq) bilan unga tan jarohati yetkazgan. Ekspertiza xulosasi jabrlanuvchining yelka qismida sanchilgan va kesilgan jarohatlar borligini tasdiqladi.
Hozirda Bahriddin Nasriddinovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ichki ishlar organlari ushbu shaxsdan yoki uning sheriklaridan jabr koʻrgan fuqarolarni Namangan viloyati IIBga yoki 102 qisqa raqamiga xabar berishni soʻraydi. Murojaat qilganlarning shaxsi sir saqlanishi toʻliq kafolatlanadi.