Namanganda fuqaroni qiynoqqa solgani aytilgan profilaktika inspektori ishdan olindi

    Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Namangan shahrida fuqaroni ichki ishlar boʻlimi binosida qiynoqqa solgani aytilgan profilaktika inspektori ishdan olinganini maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili holatni joyiga chiqib oʻrgangan va «kaltaklangan« fuqaro bilan suhbatlashgan. Toʻplangan maʼlumotlar asosida Namangan viloyati IIB hamda Namangan shahar prokuraturasiga Ombudsmanning nazorat xati kiritilgan.

    Ombudsmanga taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, Namangan viloyati Chust tumani IIB jamoat xavfsizligi xizmati profilaktika inspektori mayor D.B. xizmat vazifasiga eʼtiborsiz va bepisandlik bilan yondashib, oʻz xizmat hududiga hech bir sababsiz bormasdan, Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy va xizmat intizomi kodeksi talablarini qoʻpol ravishda buzganligi uchun lavozimidan boʻshatilgan.

    Shu bilan birga, mazkur holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani maʼlum qilingan.

    “Ushbu holat kuni kecha qator ommaviy axborot vositalarida yoritilgani munosabati bilan, mazkur ish ombudsman nazoratida ekanini, qiynoqqa oid har bir murojaat va xabar darhol oʻrganilishi maʼlum qilinadi”, — deyiladi ombudsman matbuot xizmati xabarida.