AQSH, Indoneziya, Hindiston va Qirgʻizistonning ingliz tili boʻyicha mutaxassislari Namanganda tashkil etilgan seminar-trening davomida til oʻrgatish koʻnikmalarini yana-da takomillashtirish mavzusida oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.

Namangan muhandislik-texnologiya instituti tashabbusi bilan “Umumtaʼlim maktablari va oliy taʼlimda chet tilini oʻqitishning uzviyligi” mavzusidagi xalqaro seminar-treningda NamMTI akademik litseyi va institutga biriktirilgan Namangan shahri hamda Mingbuloq tumanidagi 5 ta umumtaʼlim maktabi chet tili fani oʻqituvchilari ishtirok etdi.

Kunning birinchi qismida xalqaro mutaxassislarning taqdimotlari tinglandi. Mavzu yuzasidan soʻz olganlar dars davomida eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan muhim jihatlarga toʻxtalib oʻtildi.

Institutning tajribali oʻqituvchilari va xorijlik talabalar ishtirokidagi mahorat darslari davomida fan oʻqituvchilari oʻzlari uchun kerakli koʻnikmalarga ega boʻldi, deb xabar beradi Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati.