Rossiya aktivlarini boshqarish milliy fondi 1999-yilda taʼsis etilgan boʻlib, ijtimoiy muhim loyiha va dasturlarni moliyalashtirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Namangan viloyatida ham fondning filiali tashkil etildi va davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

A.Qodirovning bildirishicha, fond tomonidan hududga foyda olishni koʻzlamagan holda mablagʻ jalb etiladi va ushbu mablagʻ birinchi galda uy-joy qurilishi uchun yoʻnaltiriladi. Har bir shahar-tumanda barpo etilishi rejalashtirilgan koʻp qavatli uylardagi xonadonlar viloyatdagi uy-joyga muhtoj oilalarga uzoq muddatida, maqbul narxlarda taklif etiladi.

Ushbu turar-joy majmualarida aholi uchun savdo markazi, avtoturargoh, bolalar bogʻchasi, maktab va tibbiyot punkti kabi muassasalar ham barpo etiladi. Hozirgi kunda mazkur obyektlarning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan.

Maʼlumot uchun, joriy yil avgust oyi oxirida fond rahbariyati boshchiligidagi delegatsiyaning viloyatga tashrifi hamda moliyalashtirish ishlarining boshlanishi koʻzda tutilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.