Namangan viloyati prokuraturasi va Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatdagi mavjud 3 ta oliy taʼlim muassasasi talabalari oʻrtasida “Taraqqiyot strategiyasi bilimdoni” tanlovi oʻtkazildi.
Mazkur tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi Farmoni ijrosini hamda talaba yoshlarning mamlakatimizda kechayotgan qizgʻin islohotlarda faol ishtirokini taʼminlash, xususan, Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasining mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtirish, ularda vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhini, mamlakat rivojiga, jamiyat ravnaqi uchun daxldorlik hissini kuchaytirish, liderlik va notiqlik koʻnikmalarini yuksaltirish maqsadida tashkil etildi.
Namangan davlat universiteti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish institutining 100 ga yaqin talabalari ikkita shart boʻyicha oʻz bilimlarini sinashdi. 1-shartda “Taraqqiyot strategiyasi”dan tuzilgan 20 savoldan iborat yozma testni bajardilar. 2-shartda esa har bir qatnashchi “Taraqqiyot strategiyasi”da belgilangan yoʻnalishlar asosidagi 100 ta savoldan oʻzlari tanlagan bittasiga ogʻzaki javob qaytarishdi. Viloyat prokuraturasi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, viloyat adliya boshqarmasi, “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat boʻlimi vakillaridan tarkib topgan hakamlar hayʼati javoblarning mazmunan toʻgʻriligi, toʻliqligi, fikrni erkin bayon qilinganini inobatga olib, adolatli tarzda baholab borishdi.
Tanlov yakuniga koʻra, eng koʻp ball toʻplagan ishtirokchi – NamDU talabasi Ramziddin Tursunov gʻolib deb eʼlon qilindi. 2- va 3-oʻrin NamMQI talabasi Bunyodbek Noʻmonjonov, NamDU talabasi Zulhayo Sulaymonovaga nasib etdi. Barcha gʻolib va sovrindorlar diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, yuqori oʻntalikdan joy egallagan yigit-qizlar hamkor tashkilotlar tomonidan yil davomida joylarda uyushtiriladigan “Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasi – yoshlar nigohida” mavzusidagi tadbirlarga targʻibotchi sifatida guruh aʼzoligiga qabul qilinadilar.
— Bunday tanlovlar, aql bahslari biz kabi talabalarning intellektual salohiyati, notiqlik mahorati, ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ilgʻor fuqarolik pozitsiyasini rivojlantiradi. Tanlovga tayyorgarlik davomida koʻp maʼlumotlarga ega boʻldim, – deydi 1-oʻrin sohibi, NamDU talabasi Ramziddin Tursunov.
Taʼkidlash joiz, tanlovning amaliy ifodasi sifatida yuksak natija qayd etgan talabalardan iborat targʻibot guruhi shakllantiriladi. Yosh targʻibotchilar orqali viloyatning chekka hududlaridagi yoshlarga ham “tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosida Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasining tub mazmun-mohiyati yetkaziladi.
Orifjon JOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.