Kadastr agentligi Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tuman boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlab kelgan Jobir Mahmudov ozodlikdan mahrum qilindi.
Sud hukmida bayon qilinishicha, Jobir Mahmudov yer uchastkasini oʻzboshimchalik bilan egallab, foydalanib kelgan fuqaroga unga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan holda 51 mln soʻm jarima qoʻllanishini bildirgan. Fuqaro 2024-yil 21-avgust kuni Kadastr agentligi Toʻraqoʻrgʻon tuman boʻlimiga kelib, Jobir Mahmudov bilan uchrashgan hamda 51 mln soʻm maʼmuriy jarima qoʻllamaslikni soʻragan. U tomorqasining yer uchastkasiga tegishli hujjatlarini rasmiylashtirayotganini, tez orada ularni taqdim etishini aytgan.
Jobir Mahmudov esa bir xodimining toʻyi boʻlayotganini aytib, fuqarodan noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirgani uchun ish qoʻzgʻatmaslik evaziga toʻyona berishini talab qilgan. Fuqaro farzandlariga oʻquv qurollari olish uchun bir tanishidan 100 dollar qarz koʻtarganini, shu mablagʻni berishini, boshqa puli yoʻqligini maʼlum qilgan. Boʻlim boshligʻi tamagirlik yoʻli bilan yana 300 dollar “toʻyona” soʻragan.
2024-yil 22-avgust kuni fuqaroning arizasi asosida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda Jobir Mahmudov Toʻraqoʻrgʻon tumani Oqtosh mahallasi hududida oʻzining Lacetti mashinasida 300 dollarni pora tariqasida olgan. Soʻngra mashinasini harakatlantirib, IIB xodimlarining toʻxtash ishorasiga boʻysunmasdan, 300 dollarni mashina oynasidan uloqtirganicha voqea joyidan qochgan. Ammo u pulni olgani Namangan viloyat IIB EKBning xulosasi bilan tasdigʻini topgan.
Jobir Mahmudov sudda aybiga qisman iqrorlik bildirgan.
Sud hukmi bilan Jobir Mahmudov Jinoyat kodeksi 210-moddasi 2-qismining “v” bandida (tamagirlik yoʻli bilan pora olish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 2-yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda, shu jumladan Kadastr agentligi tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etgan holda 5-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.