Yigʻilishda sanoat va investitsiya masalalari koʻrib chiqildi.
Namangan sanoat zonalari boʻyicha namuna boʻlgani – soʻnggi yillarda viloyatda 72 ta kichik va yoshlar sanoat zonalari ishga tushgani qayd etildi. Shu bilan birga, Namangan shahri, Namangan, Yangi Namangan va Davlatobod tumanlaridagi 16 ta sanoat zonasida qoʻshimcha loyiha joylashtirish imkoniyati bor.
Tadbirkorlar ham xorijiy va mahalliy sarmoya kiritish tashabbusi bilan chiqqan. Bunga qoʻshimcha ravishda mahalliy 7 ta yirik loyihaga Sanoat jamgʻarmasidan 37 million dollar ajratish topshirildi.
Viloyatda 129 ta noruda konidan 29 tasiga sanoat kirib bormagan. Bu konlarda yangi loyiha qilaman, degan tadbirkor koʻp.
Jumladan, ular keramogranit va bazalt tola ishlab chiqarmoqchi. Bundan tashqari, Chustdagi “Alichelek” mis koniga Xitoylik investorlar 200 million dollar sarmoya kiritishga tayyor.
Viloyatdan qoʻshni davlatlarga eksportning hozirgi koʻrsatkichlari bor imkoniyatga mutlaqo toʻgʻri kelmasligi koʻrsatib oʻtildi. Qoʻshni davlatlarda savdo uylarini ochish boʻyicha muzokara oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.