«Namangan viloyati Chortoq tumani Bogʻiston qishlogʻidagi 39-maktabga shaxsan Xalq taʼlimi vaziri bilan birga borib, holatni oʻrganganmiz. Haqiqatan ikki xonadan iborat maktab.

Biz hisob-kitob qilib, maktab filialini oʻrniga zamonaviy-namunaviy loyihada ishlab chiqilgan 330 oʻrinli maktab va unga qoʻshimcha 12x24 oʻlchamli sport zali qurishni rejalashtirganmiz.

Prezident qarori bilan bu maktab Investitsiya dasturiga kiritildi. Hozirda maktab loyihasi ishlab chiqilgan. Tuman hokimligi tomonidan maktab uchun yer ajratish boʻyicha qaror ham chiqqan. Yaʼni 2 gektar yer ajratilgan».

Shuningdek, u quyidagi muhim maʼlumotlarni ham aytib oʻtdi:

«Maktablarning infratuzilmasi boʻyicha, yaʼni talab etiladigan oʻquvchilar sigʻimi, sport zali, filiali, isitish tizimi, umuman maktabning toʻliq faoliyati uchun zaruriy sharoit holati boʻyicha tahlillar mavjud.

2018-2020-yillarda respublika boʻyicha 294 ming qoʻshimcha oʻquvchi oʻrni yaratilgan.

Oʻzbekistondagi maktablarning barchasi (10 mingdan ortiq) xatlovdan oʻtkazilgan. Vazirlikning ichki metodikasida belgilangan 8 balli tizim orqali maktablarning holati oʻrganilib, toifalarga ajratilgan: oʻta ogʻir, oʻrta, yaxshi va juda yaxshi.

Ochiq aytish kerak, oʻta ogʻir va ogʻir holatlar ham mavjud. Oʻta ogʻir toifaga maktab filiallari kiritilgan. Ahvoli ayanchli boʻlgan maktablarimiz ham bor. Oldin aholini hashar yoʻli bilan jalb etish orqali 20, 30, 50 ta bolaga moʻljallangan maktab filiallari qurilgan.

Endi bu filiallar oʻrniga shu mahalla va atrofda yashaydigan 5-11 sinf oʻquvchilari uzoqqa qatnab oʻqimasligi uchun kamida 200 quvvatga ega maktablarni qurish rejalashtirilgan.

Buning yana bir eʼtiborli jihati — yaxshi, zamonaviy maktab boʻlganidan soʻng malakali oʻqituvchilarni jalb qilish imkoniyati mavjud boʻladi».