Muhammadali Qambarov 45 yoshda. Gazeta muharrirligi bilan bir paytda Uychi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari hamdir. Turmush oʻrtogʻi Nargizaxon oʻqituvchi, tumandagi maktablardan birida matematikadan dars beradi. Oʻzlari ikki nafar qiz — 19 yashar Durdona va 15 yoshni qarshilagan Dilshodani tarbiyalashmoqda.

Bundan ikki yil avval jurnalistning xonadonida musibat yuz bergandi. Oilaning yolgʻiz oʻgʻli ogʻir xastalikka chalindi. Uni shifokorlarga qaratish va davolashga boʻlgan urinishlar, afsuski, naf bermadi. Bekzod 9 yoshida olamdan oʻtdi.

“Shu oʻtgan vaqt davomida faqat ish bilan ovundim. Uyimiz goʻyo huvullab qolgandek edi. Farzand dogʻi odamni choʻktirib qoʻyar ekan. Shu sabab mehribonlik uyiga kamida 5 nafar bolani asrab olaman, degan niyatda bordim. Avvaliga 2 qiz va 3 oʻgʻil bolani beradigan boʻlishdi. Keyin esa «Sizga 5 nafar oʻgʻil bolani bersak-chi?” deb soʻrashdi. Bu biz uchun ayni muddao edi. Yoʻqotgan oʻgʻlimizning oʻrniga besh nafar azamatni bagʻrimizga oldik. Xonadonimiz yana yigitchalarning oʻktam kulgisi bilan toʻldi, uyimizga fayz kirgandek boʻldi», — deydi Muhammadali.