Maʼlumot sifatida, Namangan davlat universiteti jamoasining deyarli 35 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Oliy oʻquv yurtining fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va boʻlim boshliqlarining 16 nafari ayollardan iborat, bir yil avval 9 nafar edi. Tahsil olayotgan talabalarning 60 foizi bu koʻrsatgichga ega. Ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ishlash va bilim egallashlari uchun zarur shart-sharoit yaratishga, Talabalar turar-joylarida sogʻlom muhitni taʼminlashga, huquqiy himoyalashga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Kuni kecha Namangan davlat universiteti xotin-qizlar Kengashining yigʻilishi boʻldi. Unda universitet oʻquv ishlar boʻyicha prorektori Dilshod Xolmatov, yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektor Narimon Dehqonov qatnashdilar. Ular oʻz nutqida Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasi hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishidan kelib chiqib, turli uchrashuvlarni uyushtirish lozimligini taʼkidlashdi. Shuningdek, xotin-qizlarni doimiy qoʻllab-quvvatlash ijrosi Namangan davlat universitetining barcha yoʻnalishlarida namoyon boʻlayotganini, namunali yoʻlga qoʻyilayotganini eʼtirof etishdi.
NamDU xotin-qizlar Kengashi raisi Saodat Usmonova, xotin-qizlar Kengashi raisi oʻrinbosari Ozoda Chuboyeva va fakultetlardagi faol ayollar soʻz olib, universitet tomonidan xotin-qizlarga berilayotgan imkoniyatlar xususida gapirdilar. Birgina misol, pedagogik jamoada rahbar boʻlib ishlayotgan ayollar soni ortib borayotgani, bu esa gender tengligini taʼminlashda asosiy omil ekanligini qayd etishdi.
Shuningdek, Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida Oliy Majlis va Hukumat 1 oy muddatda jamiyat va davlat boshqaruvida xotin-qizlar mavqeini oshirishga qaratilgan yaxlit tizim yaratish toʻgʻrisidagi bandga alohida toʻxtalib, mazkur mavzuda yigʻilganlarni ochiq muloqotga chorlandi. Muammolar yuzasidan fikr-mulohazalar ham oʻrtaga tashlandi. Jumladan, talaba qizlar oʻrtasida kiyinish, salomlashish, mobil telefonlardan toʻgʻri foydalanish, axborot xurujlaridan muhofazalashdagi kamchiliklarni bartaraf etish kechiktirib boʻlmaydigan vazifa ekanligini bildirishdi. Yigʻilish soʻngida kun tartibidagi masalalar yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shoira TOʻXTABOYEVA,
NamDU axborot xizmati rahbari.