Taklifni qabul qilgan mijoz do'kondan yangi kredit shartnomasi asosida 3 million 900 ming so'mga mebel sotib oladi.

Iste'molchining ta'kidlashicha, shartnomani imzolash chog'ida mijoz do'kon mas'ullaridan, agar iloji bo'lsa, shartnomani ikki yillik muddatga tuzish, ya'ni mebel qiymatini ikki yil davomida bo'lib-bo'lib to'lash to'g'risida taklif bergan, lekin do'kon mas'ullari buning iloji yo'qligini, shartnoma bir yillik muddatga tuzilishini aytib, uning qo'liga bir yil davomidagi to'lovlar jadvalini tutqazadi.

Keyinchalik jadval asosida to'lovlarni to'lab borayotgan mijozga telefon qilgan do'kon sotuvchisi kreditdan qoldiq borligi va uni to'lab qo'yishi lozimligini aytadi. Holatga aniqlik kiritish uchun kelgan mijozga esa shartnoma bazaga ikki yillik qilib kiritilgani, shuning uchun ham oylik to'lovlar summasi biroz yuqoriroq bo'lishi ma'lum qilingan.

Taqdim qilingan hisob-kitoblarga ko'ra, u bir yil davomida 3 million 900 ming so'm emas, aksincha 2 yil davomida 6 million 800 ming so'mni bo'lib-bo'lib to'lab berishi lozimligi ayon bo'ladi. Shunda iste'molchi do'kon mas'ullariga shartnomani bekor qilishni va tovarni qaytarib bergach amalga oshirgan to'lov summalarini ham qaytarishini so'raydi. Biroq talabi qondirilmagach, ushbu masalada amaliy yordam so'rab Marg'ilon shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi.

– Qonunga ko'ra, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) iste'molchiga o'zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o'z vaqtida zarur, to'g'ri va tushunarli ma'lumot berishi shart. Agar tovar (ish, xizmat) haqida noto'g'ri yoki etarli darajada to'liq bo'lmagan ma'lumot berilgan bo'lsa hamda ushbu holat iste'molchining mol-mulkiga zarar etkazilishiga sabab bo'lsa (bizning holatimizda to'lovlarni ko'proq to'lanishi lozimligi ayon bo'lib qolishi natijasida) iste'molchi qonunchilikda belgilangan talablarni qo'yishga haqli bo'ladi, – deydi Marg'ilon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi Saidxon Hofizov.

Murojaatni shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o'rganish jarayonida sotuvchining mas'ul vakillariga amaldagi iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risidagi qonunning tegishli bandlari bo'yicha tushuntirishlar olib borildi. O'rganishlar natijasi bilan esa, shartnoma bekor qilinib, tovar sotuvchiga, amalga oshirilgan to'lovlar summasini esa iste'molchiga qaytarilishiga erishildi.