Kosmik agentlik NEOWISE infraqizil teleskopidan olingan suratlar asosida yaratilgan, fazoviy kengliklar haqida hikoya qiluvchi videoni e’lon qildi. U ko‘plab qiziqarli hodisalar, jumladan, qora tuynuklarning faolligi, o‘layotgan yulduzlarning tebranishlari va jigarrang mitti harakatini namoyish etadi.

2009-yildan beri koinotda bo‘lgan NEOWISE teleskopi Quyosh atrofida aylanib, barcha yo‘nalishlarda suratga oladi. Amerikalik tadqiqotchilar jamoasi teleskop tomonidan olingan 18 ta xaritani birlashtirib, butun samoviy kenglikning global vaqt oralig‘ini yaratishdi. Ularning aytishicha, har bir xarita astronomlar uchun ulkan manba, ammo kelgusida u koinotni yaxshiroq tushunish uchun yanada kuchliroq manba bo‘lib xizmat qiladi.

“Tungi osmonga qarasangiz, u yerda hech narsa o‘zgarmayotgandek tuyulishi mumkin. Aslida yulduzlar tug‘iladi va o‘ladi, qora tuynuklar yulduzlarni o‘ziga singdiradi va yana ko‘p o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Bunday sharhlar koinot qanday o‘zgarib borayotganini tushunish va uning sirlarini ochishimizga yordam beradi”, deydi Arizona shtat universiteti mutaxassisi  Emi Maynser.

NEOWISE tasvirlarida Yerdan 690 million yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan galaktikaning yorqinligi oshishini ko‘rishingiz mumkin. Bunga yulduzning supermassiv qora tuynuk tomonidan yutilishi sabab bo‘lgan. Boshqa bir vaqt oralig‘i esa tebranuvchi yulduz hayoti so‘ngiga yaqinlashayotganini ko‘rsatadi.

NEOWISE tasvirlari, shuningdek, tabiati astronomlar uchun haligacha sir bo‘lib qolayotgan yorug‘liklar, jigarrang mitti harakatlar va kutilmagan yulduz chaqnashlarini namoyish etadi.