Taʼkidlash oʻrinliki, 2019-yil davomida Namangan viloyati tijorat banklari tomonidan jami 135828 ta mijozga 4,6 trln soʻm, shundan 4530 ta kichik biznes subyektlariga 2,9 trln soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga oid qabul qilingan dasturlari doirasida esa viloyatdagi 58 251 nafar aholi va tadbirkorlik subyektlariga 973,1 mlrd soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan va buning natijasida 59103 nafar aholining bandligi taʼminlangan.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tijorat banklari tomonidan 57381 nafar aholi va tadbirkorlik subyektlariga 879.5 mlrd soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi va 57519 nafar aholi bandligi taʼminlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-iyuldagi “Aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida 165 nafar aholi va tadbirkorlik subyektlariga 7,9 mlrd soʻm imtiyozli kreditlar ajratilib, natijada 215 nafar aholi muqim ish oʻrniga ega boʻlgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi “Yoshlar-kelajagimiz” davlat dasturi ijrosi toʻgʻrisida”gi PF-5466-sonli Farmon ijrosi doirasida 2019-yilda 195 nafar yosh tadbirkorlarga 69,9 mlrd soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan va natijada 252 nafar aholining bandligi taʼminlangan.
2019-yilda joriy qilingan “HUMO” toʻlov tizimi oʻzining barcha mijozlariga kontaktsiz texnologiya vositasida toʻlovlarni amalga oshirishning innovatsion texnologiyasi sifatida aholiga manzur boʻlmoqda. Bugungi kunda “HUMO” milliy toʻlov tizimidagi
8 344 ta terminallar bank kassalari, savdo va pullik xizmat koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik subyektlariga oʻrnatilishi taʼminlangan. Markaziy bank Bosh boshqarmasi va tijorat banklari tomonidan olib kelingan 114 ta bankomatlar banklarga, bank qoshida tashkil etilgan 24/7 shoxobchalarga, yirik savdo shoxobchalari va aholi gavjum joylarga oʻrnatilgan. 2020-yilda aholiga qulayliklar yaratish maqsadida bankomatlar sonini 183 taga yetkazish va ularni yirik savdo shoxobchalari va aholi gavjum joylarga oʻrnatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi PF-5780-sonli Farmonida tijorat banklar tomonidan tajriba-sinov loyihasiga asosan respublikaning barcha shaharlari va tumanlarida mijozlarga tezkor xizmat koʻrsatish maqsadida ixcham “Bank xizmatlari ofislari”ni tashkil etish belgilab oʻtilgan. Ushbu bank xizmatlar ofisida – mijozlarga depozit hisobvaragʻi ochish, depozit (omonat) qabul qilish, toʻlovlar, xalqaro pul oʻtkazmalari va valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish, isteʼmol krediti hamda mikroqarz berish bilan bogʻliq bank xizmatlarini amalga oshirish belgilangan.
Gʻaybullo Vohidov,
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining
Namangan viloyat bosh boshqarmasi boshligi