Navoiy shahrida kuzatilgan atmosfera ifloslanishi bilan bogʻliq holat yuzasidan olib borilgan oʻrganishlar natijasida 20 dan ortiq korxonaning faoliyati vaqtincha toʻxtatildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, oʻrganish ikki yoʻnalishda olib borilmoqda: birinchisi — shaharda qayd etilgan oq tuman manbalarini aniqlash, ikkinchisi — umumiy ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan.
19-iyul kuni havo namunasini tahlil qilish jarayonida shaharning turli nuqtalaridan olingan maʼlumotlarga koʻra, oltingugurt ikki oksidi (SO₂) meʼyordan 1,86 barobar, ammiak (NH₃) esa 1,43 barobar yuqori ekani aniqlangan.
Shu kuni soat 05:30 da “Sogda kimyo zavodi”, “Ferrosplav” va “Zarafshon industrial technology” MCHJ zavodlari atrofida atmosferaga yuqori konsentratsiyada zararli moddalar tashlangani videotasma orqali qayd etildi.
Korxonalarda olib borilgan tekshiruvlarda quyidagi qoidabuzarliklar aniqlandi:
- “Sogda kimyo zavodi” MCHJ ekologik xulosasiz ishlagan, chiqindilarni betartib tashlagan hamda zararli moddalarni ochiq havoga chiqargan. Atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun 7,38 mlrd soʻm toʻlov belgilandi.
- “Ferrosplav” MCHJ ham xulosasiz ish yuritgan, atmosferaga nazoratsiz moddalar chiqargan.
- “Zarafshon industrial technology” MCHJ belgilangan meʼyorlarni buzgan — vodorod sulfidi 40 barobar, ammiak 7 barobar meʼyordan ortiq boʻlgan.
Ekologik qoidalarga rioya qilmagani uchun ushbu zavodlar faoliyati toʻxtatildi va 10 kunlik muhlat ichida kamchiliklarni bartaraf etish topshirildi. Aks holda, faoliyatlarini toʻxtatish boʻyicha sudga murojaat qilinadi.
Shuningdek, shahar va unga tutash hududlarda jami 168 ta sanoat korxonasi faoliyati oʻrganilmoqda. Hozirgacha 42 tasi tekshirildi, 22 korxonaning faoliyati vaqtincha toʻxtatildi. Ular orasida “Qizilqum shifer“, “Navoiy asir invest“, “Fosxim agro“, “Rubin-Karmana“, “Sogda kimyo zavodi“, “Ferrosplav“ kabi yirik korxonalar bor. 19 korxonaga nisbatan sudga daʼvo arizalari kiritildi.
Shu bilan birga, “Navoiyazot” AJ faoliyati ham tekshirilib, ammiak, vodorod sulfidi va SO₂ meʼyordan yuqori ekani qayd etildi. Korxonaga nisbatan toʻlovlar va ogohlantirish choralari qoʻllanildi.
Bundan tashqari, 24-iyul kuni Karmana tumanida noqonuniy ravishda ohak ishlab chiqarayotgan 24 fuqaro aniqlandi. Ularga 18 mln soʻm miqdorida jarima solindi va qurilmalar buzib tashlandi.
Ekologiya vazirligi tomonidan shahardagi har bir korxona boʻyicha alohida ekologik chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilmoqda. U mazkur viloyat Xalq deputatlari kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.









