Navbatdagi “Avtomobilsiz kun” sanasi maʼlum qilindi

    24-aprel, chorshanba kuni Toshkentda navbatdagi “Avtomobilsiz kun” aksiyasi oʻtkaziladi.

    Bu haqda ekologiya vazirligi maʼlum qildi.

    “Bu Prezidentning «Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisidagi Farmonida koʻrsatib oʻtilgan.

    Aksiya doirasida Toshkent shahrida joylashgan barcha respublika va viloyat ijro hokimiyati organlarining rahbar va boshqa xodimlari jamoat transporti, velosiped va atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan boshqa transport vositalaridan foydalanishadi".

    Vazirlik jamoatchilikdan “Avtomobilsiz kun” loyihasiga befarq boʻlmaslikni va ekologik toza transport vositasini tanlashni soʻramoqda.