Viloyat IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor profilaktik tadbirlari doirasida ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazgan monitoring natijasida giyohvand moddalar savdosi bilan bogʻliq bir qator holatlarni aniqlagan.
Shundan soʻng Tezkor qidiruv xizmati hamda Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar oʻtkazilgan.
Dastlab Telegram orqali giyohvand moddalarni “zakladka” usulida isteʼmolchilarga yetkazib bergan guruh yetakchilari qoʻlga olingan. Shundan keyin jinoyat zanjiri boʻylab guruhning boshqa aʼzolarini aniqlashga qaratilgan tadbirlar davom ettirilgan.
Natijada guruhning 2 nafar ombor vakili, giyohvandlik moddalarini yashirib, manzil va lokatsiyasini yetkazuvchi 2 nafar shaxs, 8 nafar narkokuryer hamda 11 nafar mijozi qoʻlga olingan.
Tezkor tadbirlar davomida 1 kilogrammga yaqin gashish va isteʼmol qilish uchun tayyorlangan qoʻlbola vositalar daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruh aʼzolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.