Prezidentimiz Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2021-yilda 2 ta yirik metallurgiya zavodini barpo etish vazifasi belgilab berilgan edi. Eng ulug', eng aziz bayramimiz arafasida ana shu korxonalarning biri bo'lgan  7-gidrometallurgiya zavodi foydalanishga topshirildi.

Bepoyon Qizilqum kengliklarida zamonaviy zavodlar qurish bo'yicha boy tajriba to'plagan jamoa ahli g'oyat qisqa davrda, belgilangan muddatdan oldin mazkur zamonaviy  zavodni ishga tushirdi. Quruvchi va mutaxassislar azmu shijoati bilan loyihaning birinchi va ikkinchi bosqichida ma'danni qayta ishlashga ixtisoslashgan to'rtta tegirmon bloki foydalanishga topshirildi. O'tgan yili uning birinchi bosqichi ish boshlashi hisobiga zavodda 10 million tonna ma'danni qayta ishlashga erishilgan edi.

—Korxonamiz texnologik jihatdan boshqa turdosh zavodlardan ajralib turadi, — deydi  7-gidrometallurgiya zavodi direktori Farhod Cho'liyev. —   Xususan, korxonada tarkibida oltin kam bo'lgan ma'danlardan eng murakkab jarayonga tayangan holda, ya'ni, kislotali ishqor texnologiyasi asosida qayta ishlanib, mahsulot olishga ixtisoslashgan. Kimyoviy ishlov berishda mahalliy mahsulotlar ishlatilishi uning tannarxini yanada arzonlashtirish imkonini beryapti. Eng quvonarlisi, zavodimizda minglab ish o'rinlari yaratilib, unga to'liq yosh kadrlar, asosan Navoiy davlat konchilik institutini tugatgan yigit va qizlarni ishga qabul qildik.

Yodimizda bor, bir paytlar kombinatda biron bir ishlab chiqarish quvvati yoki oddiy sex ishga tushiriladigan bo'lsa, chetdan mutaxassislar olib kelinardi. So'nggi yillarda bu holga tamoman chek qo'yildi. endilikda mahalliy kadrlar boy tajriba to'plab, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan, xalqaro standartlarga to'la javob beradigan korxonalar qurishni, ayni  chog'da ularni ishlatish hamda boshqarishni to'la o'zlashtirib olishdi. Bu ham, albatta, istiqlol inoyati, so'ngi yillarda mahalliy kadrlarga e'tibor, ulani tayyorlashga ko'rsatilayotgan g'amxo'rlikning amaliy ifodasidir.

Shu o'rinda yana bir muhim jihatga e'tibor qaratish joiz. Ilgari ishlab chiqarish korxonasi qurilsa, murakkab uskunalarni qo'ya turaylik, hatto oddiy bol`tni ham chet eldan olib kelishga to'g'ri kelgan. So'ngi yillarda bu borada olib borilgan tinimsiz izlanishlar tufayli bunga barham berildi. endilikda nainki boltlar, balki ilgari xorijdan valyutaga keltirilgan ko'plab dastgohlar, butlovchi materiallar bilan bir qatorda o'ta muraakkab va qimmatbaho sharli tegirmonlargacha kombinat bo'linmalarida tayyorlanmoqda.

Misol uchun, zavod qurilishida qo'llanilgan asosiy texnologik uskunalar Navoiy mashinasozlik zavodida ishlab chiqarilishi evaziga 56 million dollarga yaqin valyuta mablag'i tejaldi. Bu ham  kombinat mutaxassislarining aql-zakovati, professional malakasi, zahmatli mehnati uyg'unligida qujudga kelgan yangicha salohiyatning mahsuli hisoblanadi.

Prezidentimizning Murojaatnomasida qayd etilgan yana bir yirik loyiha — 5-gidrometallurgiya zavodini barpo etish ishlari qizg'in davom etyapti.Uning yiliga 2 million tonna ma'danni qayta ishlash quvvatiga ega bo'lgan 1-ishlab chiqarish bloki muddatidan oldin bunyod etilgan edi. Ayni paytda ham cho'l bag'rida juda katta hajmdagi davom ettirilyapti. G'oyat qisqa muddatda zavodning 2 ta tegirmon bloki ishga tushirildi. Shu yil yakuniga qadar 3-tegirmon blokini ham foydalanishga topshirish mo'ljallanmoqda. Zavod to'la quvvat bilan ish boshlagach,  har yili 5 million million tonna ma'danni qayta ishlanadi va 4,1 mingta yangi ish o'rni yaratiladi.

To'yga to'yona bilan deganlaridek,  “Yangi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida nishonlanayotgan  shukuhli ayyom arafasida “Muruntov” konida ham muhim bir ob'ekt foydalanishga topshirildi va tabiyki u ham qutlug' ayyomga munosib sovg'a bo'ldi.

Bu erda tik-qiyali konveyer —  “KNK-270” ishga tushirilishi kon-metallurgiya tarixida muhim yangilik bo'ldi. Binobarin, hozirgi kunda “Muruntov” geologlar tomonidan jahondagi eng yirik oltin zaxirasiga ega kon sifatida e'tirof etilib, uning hajmi 4 ming tonnadan ortiq baholangan. Hozirgi paytda undan yiliga 42 million tonnadan ortiq ma'dan qazib olinayotgan bo'lsa, yaqin kelajakda bu ko'rsatkichni 50 million tonnaga etkazish ko'zda tutilgan.

Shu maqsadda, ayni paytda qiymati 733,9 million dollar bo'lgan va qariyb 1800 nafar yangi ish o'rini yaratish imkonini beruvchi “Muruntov” konini o'zlashtirishning V navbati” loyihasi bo'yicha ishlar jadal sur'atlarda olib borilmoqda. Bundan ko'zlangan maqsad  kombinatda qimmatbaho metallar ishlab chiqarish hajmini yanada oshirishdir.

Mazkur loyiha maydalash va uzatish punkti, qiya-magistral va ag'darma tashish konveyerlari, temir yo'l o'tish inshooti kabi qismlarni o'z ichiga qamrab oladi. Maydalash va uzatish punkti avtomobil va konveyer transportining kesishmasida joylashgan bo'lib, kondagi toshlarini ma'lum miqdorgacha maydalab, so'ngra qiya magistral konveyerga uzatadi. Uning umumiy quvvati soatiga 7 ming tonnani tashkil etadi.

 Barcha konveyerlar Navoiy mashinasozlik zavodida tayyorlanib, ularni yig'ish ishlari Zarafshon qurilish boshqarmasi, “Janubsanoatmontaj” aktsionerlik jamiyati hamda Markaziy kon boshqarmasi mutaxassislari va ishchilari tomonidan amalga oshirildi.

Bu yutuqlar zamirida konchilarning o'z kasbiga sadoqati, Prezidenimizning Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasiga yuksak ishonchi va ulkan korxonani hamisha qo'llab-quvvatlashining amaliy javobi mujassam. Ular bir tanu bir jon bo'lib, yakdil va ahil harakat qilib, belgilangan vazifalarni muddatidan oldin bajarishga, boshqacha aytganda, Yangi O'zbekiston tarixining yangi sahifalarini zarhal harflar bilan bezashga qodirliklarini amalda namoyon etishmoqda.

Abdurauf QORJOVOV,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri