Navoiy viloyati va Qozogʻiston oʻrtasida ziyorat turizmini rivojlantirishga doir memorandum imzolandi

    Qozogʻiston delegatsiyasi Navoiy viloyatida boʻlib, uning turistik salohiyati bilan yaqindan tanishdi.

    Tur davomida Nurota tumanidagi “Chashma” kompleksi va Qozoq xalqining buyuk kichik juz ajdodlaridan biri boʻlgan “Aytekiy Biy” ziyoratgohi, Konimex tumani “Konimex Eko Park” dam olish maskanlariga hamda Karmana tumanidagi “Mavlono Orif Deggoroniy”, “Qosim-Shayx”, “Mirsaid Bahrom”, Qiziltepa tumanining “Tosh masjid” kabi madaniy meros obyektlari boʻylab sayohat tashkil etildi.

    Navoiy viloyati hokimligi hamda Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda Qozogʻiston turizmi sohasidagi yirik vazirlik va assotsiatsiyalar bilan sohasidagi oʻzaro aloqalarni mustahkamlash, Navoiy viloyatida ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Tadbir doirasida Navoiy viloyatida hamda Qozogʻistonda faoliyat olib borayotgan yirik sayyohlik kompaniyalari oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik kelishuvlariga erishilib, tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida ham memorandumlar imzolandi.

    Kelishuvlardan koʻzlangan maqsad Navoiy viloyatining mavjud turizm imkoniyatlari Qozogʻiston OAVda keng targʻib etilishi, hududga sayyohlar oqimini kuchaytirish, ikki tomonlama doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyilishi va sayohatchilarni yoʻnaltirish borasida zarur shart-sharoitlar yaratilishi, har yili 18-mayda “Aytekiy Biy” ziyoratgohida birgalikda yuqori saviyadagi tadbir oʻtkazilishi, Navoiy viloyati hamda Qozogʻistonning faol yoshlari oʻrtasida Navoiyda xalqaro yoshlar forumi tashkil etilishi, qozoq kinomotograflari ishtirokida hududning tarixiy maskanlari va “Aytekiy Biy” ziyoratgohi toʻgʻrisida hujjatli film suratga olinishi nazarda tutilgan.

    Shuningdek, uchrashuvda Navoiy viloyatida koʻp millatli aholi istiqomat qilishi, Tomdi, Konimex va Uchquduq tumanlarining aksariyat aholisi esa qozoq va qoraqalpoq millatiga mansub boʻlib, ularning oʻz madaniyati, urf-odatlari, anʼanalariga egaligida millatlararo doʻstlik va totuvlik ham muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

    Tadbir yakunida Qozogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport vazirligi Turizm departamenti xalqaro hamkorlik boshqarmasi rahbari hamda “Oʻzbekiston” turistik brendining Qozogʻistondagi elchisiga Navoiy viloyati hokimi tomonidan hududning Qozogʻistondagi faxriy turizm elchisi maqomi berildi.

    Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Axborot xizmati xabar qilgan.