баннер
23 Mar 2025
11:40

    Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” anʼanaviy IV xalqaro simpoziumi boʻlib oʻtmoqda

    Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” anʼanaviy IV xalqaro simpoziumi oʻz ishini boshladi.

    Navoiy shahridagi Maʼnaviyat va maʼrifat markazida yalpi majlis viloyat faollari, xorijlik adabiyotshunoslar, respublikamizning madaniyat va sanʼat arboblari ishtirok etmoqda.

    Dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning simpozium ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi. Jarayonda viloyat hokimi Normat Tursunov nutq soʻzladi.

    Tadbirda Belgiya, AQSH, Vengriya, Pokiston, Rossiya, Eron, Misr, Ozarbayjon, Turkiya, Shimoliy Kipr, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi 20 ga yaqin davlatning vakillari ishtirok etdi.

    Xalqaro simpozium doirasida Navoiy davlat universiteti galereyasida Alisher Navoiy siymosi va ijodiga bagʻishlangan koʻrgazma ish boshladi.

    Ochilish marosimida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, Oʻzbekiston badiiy akademiyasi akademigi N.Kalonov, NDU va NDKTU rektorlari M.Kalonov, B.Mardonov hamda faxriylar, universitet jamoasi, talabalar ishtirok etishdi.

    Galereyada universitetning sanʼat sohasidagi ijodkor ustoz va talabalarining mehnati natijasi oʻlaroq yaratilgan 100 dan ortiq sanʼat asarlari namoyish etiladi.

    Navoiy asarlarida mujassam boʻlgan ezgu gʻoyalarni yanada chuqurroq anglashga xizmat qiladigan badiiy ekspozitsiya bir oy davom etadi.

    Shuningdek, buyuk mutafakkir, soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 584-yilligi munosabati bilan bugun “NKMK tarixi” muzeyida yurtimizning taniqli olim va shoirlari ishtirokida “Alisher Navoiy hayoti va ijod yoʻli” mavzusida davra suhbati oʻtkazilmoqda.

    Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, “Tafakkur” jurnali bosh muharriri, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzam, “Jadid” gazetasi bosh muharriri, Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzolar soʻz olib, Hazrat Navoiy hayoti va ijodi haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

    Xalqaro simpozium doirasidagi tadbirlar 9-fevral kuni ham davom etadi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech