Kecha boʻlib oʻtgan Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi (MDH)ga aʼzo davlatlarning Monopoliyaga qarshi qonunchilik talablarini buzilishi holatlarini birgalikda bartaraf etish boʻyicha shtabning 43-yigʻilishida Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekiston delegatsiyalari qatnashdi.
Ishtirokchilar monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari buzilishining oldini olish boʻyicha zamonaviy yondashuvlarni, shu jumladan raqobat sohasidagi qoidabuzarliklardan jabrlanganlarni fuqarolik huquqini himoya qilish va narxlarni davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy jihatlarni muhokama qildilar.
Shuningdek, marketpleys platformalarining shaffofligini oshirish va antimonopol komplayens tizimlarini joriy etish masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi kontrafakt mahsulotlarni sotishga javobgarlikni kuchaytirishni taklif qildi va bu ishtirokchilar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Ushbu tashabbuslar MDH davlatlarida raqobat muhitini rivojlantirishga qaratilgan kelajakdagi qarorlar uchun asos boʻladi.
Bugun esa muhokamalar MDHga aʼzo davlatlarining Monopoliyaga qarshi siyosat boʻyicha davlatlararo kengashining 57-majlisida davom ettirildi.
Ushbu tadbir MDH davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Monopoliyaga qarshi siyosat boʻyicha davlatlararo kengashining 57-yigʻilishi doirasida Tojikiston, Belarus, Qirgʻiziston va Rossiya davlatlarining delegatsiyalari oʻz chiqishlarini taqdim etdilar.
Delegatsiya vakillari raqobat siyosatini rivojlantirish boʻyicha mamlakatlarda amalga oshirilayotgan tashabbuslar haqida soʻz yuritishdi va monopoliyaga qarshi boshqaruvdagi oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashishdi. Zamonaviy raqamli iqtisodiyot sharoitida yangi yondashuvlarni ishlab chiqish hamda xalqaro hamkorlikning ahamiyati alohida taʼkidlandi.
Monopoliyaga qarshi siyosat boʻyicha davlatlararo kengashining 57-yigʻilishi doirasida mukofotlash marosimi oʻtkazildi.
MDH davlatlari delegatsiyalari monopoliyaga qarshi qonunchilik buzilishini oldini olish boʻyicha hisobotni tasdiqladilar, “yumshoq huquq” vositalarini qoʻllash masalalarini muhokama qildilar va raqamli bozorlarni tartibga solishning yangi yoʻnalishlarini belgiladilar.
Yigʻilish yakunida MDH davlatlari delegatsiyalari tomonidan Kengashning yangi raisi saylandi. Bu lavozimga Belarus Respublikasi Monopoliyaga qarshi tartibga solish va savdo vaziri Aleksey Bogdanov tasdiqlandi.
Shuningdek, navbatdagi, 58-yigʻilishni Rossiya Federatsiyasida oʻtkazish taklifi bildirildi.