Ilgari Navoiy sanoati deganda asosan Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyuran”, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement” kabi yirik tarmoq korxonalari nazarda tutilar, investitsiya ham, ish o‘rinlari ham, iqtisodiy o‘sish ham aynan shu korxonalar faoliyatiga bog‘liq edi.
Hududlarni kompleks rivojlantirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijasida 2025-yilda yirik tarmoq korxonalariga bog‘liq bo‘lmagan hududiy investitsiyalar hajmi 1,4 milliard dollarga yetdi. 2026-yilda ushbu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, o‘tgan yilda viloyatda makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlandi. Yalpi hududiy mahsulot 168 trillion so‘mni tashkil etib, 7,7 foizga o‘sdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmida 8,3 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,7 foiz, xizmatlar sohasida esa 13,7 foiz o‘sish qayd etildi. 161 mingta yangi ish o‘rni yaratildi, ishsizlik va kambag‘allik darajasi 4,2 foizga tushdi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, har bir tuman va shaharni ularning solishtirma ustunliklaridan kelib chiqqan holda rivojlantirish zarur.
Xususan, Nurota va G‘ozg‘onda pardozbop toshlar va turizm, Tomdi va Uchquduqda tog‘-kon sanoati, Navbahorda to‘qimachilik va bog‘dorchilik, Konimexda yaylov chorvachiligi, Zarafshonda zargarlik va axborot texnologiyalari, Karmanada kimyo sanoati va madaniy turizm, Navoiy shahrida esa mashinasozlik va servis sohalari bo‘yicha katta salohiyat borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bilan birga, sanoat rivoji hududlar kesimida nomutanosib ekani qayd etildi. Viloyat bo‘yicha jon boshiga sanoat mahsuloti hajmi 177 million so‘mni tashkil etsa-da, Tomdi, Nurota, Xatirchi, Navbahor va Qiziltepa tumanlarida ushbu ko‘rsatkich respublika o‘rtacha darajasidan past qolmoqda. Vaholanki, Tomdi va Nurota marmar, kvars va bazalt kabi tabiiy resurslarga boy.
Shu munosabat bilan Nurota tumanida 50 gektar maydonda granit sanoat parki, qayta ishlash klasteri va pardozbop toshlar bozorini tashkil etish, Xatirchi tumanida 50 gektar maydonda kichik sanoat zonasini ishga tushirib, 100 million dollarlik yuqori qiymatli loyihalarni joylashtirish takliflari ma’qullandi. Pardozbop toshlar ishlab chiqarishni bir necha barobar oshirish vazifasi qo‘yildi.
Ushbu quvvatlarni kadrlar bilan ta’minlash maqsadida Navoiy raqamli texnologiyalar texnikumida tog‘-kon va kimyo sanoati uchun kadrlar tayyorlash markazi tashkil etiladi.
Umuman, joriy yilda viloyatga 4,2 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilib, eksport hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish muhimligi qayd etildi.
Yig‘ilishda viloyatning kichik va o‘rta korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni mahalliylashtirishga kengroq jalb qilish zarurligi ta’kidlandi.
Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ham mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Viloyatdagi 9 million gektar yaylov qo‘ychilik, tuyachilik va yilqichilikni iqtisodiyot drayveriga aylantirish uchun yetarli. Chorvachilikni rivojlantirish maqsadida 2026-yilda xorijdan mayda shoxli mol, zotli tuya va otlar olib kelinadi.
Umuman, viloyatdagi 3,3 mln gektar yaylov loyihaviy yondashuv asosida qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritiladi. Xitoyning cho‘llanishga qarshi kurash tajribasi asosida Navoiyda cho‘llanishni bartaraf etishga qaratilgan loyihalar amalga oshiriladi.
Viloyat ta’lim sohasida ham respublikada yetakchi hududlardan biri hisoblanadi. Oliy ta’lim qamrovi 71 foizni tashkil etmoqda, o‘tgan yilda 10 ta maktab bitiruvchilari oliygohlarga kirish bo‘yicha 100 foizlik natijaga erishdi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab Navoiy va Zarafshon shaharlarida “Bir maktab – bir IT sinf” tamoyili asosida ixtisoslashgan sinflar ochish taklif etildi. Buning uchun viloyatdan 100 nafar o‘qituvchi IT va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida poytaxtda va xorijda malaka oshiradi, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Zarafshon filialida sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik yo‘nalishida kunduzgi ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
Yig‘ilishda turizm sohasi ham muhokama qilindi. 2026-yilda Navoiy viloyatiga 600 ming xorijiy va 3 million mahalliy sayyohni jalb qilish, 72 ta yangi joylashtirish vositasini ishga tushirish hamda 500 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Buning uchun tuman va shaharlar markazidagi 65 ta mahallani bog‘lovchi ko‘chalar, sohil va yo‘l bo‘yi hududlarida savdo, ko‘ngilochar va dam olish markazlari barpo etiladi, shuningdek, turistik salohiyati yuqori bo‘lgan 18 ta mahallada mehmon uylari tashkil etiladi. Xalqaro yo‘llar bo‘yidagi 15 ta mahallada savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Nurota tumanida “Naqshlar va nurlar” milliy kashtachilik markazini tashkil etish, Xatirchi tumanida Langar va Angidon mahallalarini turizmga ixtisoslashtirgan holda rivojlantirish, Nurota va Konimex tumanlaridagi 4 ta qishloqni turizm qishlog‘iga aylantirish rejalashtirilgan.
“Og‘ir” tuman sifatida belgilangan Navbahor tumanidagi “Sarmishsoy” hududi atrofida dam olish va ko‘ngilochar maskan tashkil etish bo‘yicha master reja ishlab chiqib, sayyohlar oqimini 3 karraga oshirish hamda 200 dan ortiq ish o‘rni yaratish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Navoiy shahridagi Alisher Navoiy bog‘i, Yoshlik ko‘li va ular atrofidagi hududlar bugungi kun talablariga to‘liq javob bermasligi qayd etilib, ularni yaxlit holda rivojlantirish orqali aholi uchun qulay va zamonaviy dam olish sharoitlarini yaratish muhimligi ta’kidlandi.
Karmana shahrida turizmni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjud. Samarqanddan Buxoroga yo‘l olayotgan turistlarni qadimda Buyuk ipak yo‘li bo‘yida joylashgan bu shaharda yana bir kun ushlab qolish imkoniyati bor. Shu munosabat bilan Qosim shayx xonaqohi va Mirsaid Bahrom ziyoratgohi, Eski shahar bozori hamda “Yangi avlod” bog‘i negizida “Qadimiy Karmana” madaniyat va turizm markazini tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari tajribasini o‘rganib, Navoiy hududining katta qismini egallagan cho‘l va yaylovlarda turizmni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini yaxshilash ishlarini davom ettirish topshirildi. Xususan, Navoiy, Zarafshon, Uchquduq va Zafarobod shaharlarida ta’mirtalab holga kelib qolgan 312 kilometr ichimlik suv va 124 kilometr oqova suv quvurlarini 2026-2028-yillarda bosqichma-bosqich yangisiga almashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, viloyatdagi barcha maktab, bog‘cha va tibbiyot muassasalarida zamonaviy sanitariya sharoitlarini yaratish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbari bildirilgan reja va takliflarni ma’qullab, ularning ijrosi aholi hayotiga aniq o‘zgarishlar olib kelishi lozimligini ta’kidladi hamda mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.