Kun tartibiga investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatini ragʻbatlantirishning yangi tizimini joriy etishning amaliy jihatlari qoʻyildi.
Uchrashuv ishtirokchilari investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish, loyihalarni boshqarish, tadbirkorlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish, foydalanishga topshirilgan ishlab chiqarish obyektlarning monitoringini olib borishning yangi mexanizmlarini, shuningdek, investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlarini amaliy qoʻllab-quvvatlash jarayonida vazirlik va idoralarni muvofiqlashtirish bilan bogʻliq keng koʻlamli masalalarni atroflicha muhokama qildi.
Viloyatda tashkil etilgan hamda vazifalari viloyatning ishga solinmagan iqtisodiy salohiyatini tahlil qilish, tuman va shaharlarni rivojlantirish strategiyasi va konsepsiyalarini shakllantirish, shuningdek, iqtisodiy ahamiyatga ega loyihalarni ishlab chiqishdan iborat boʻlgan loyiha guruhlarining ishi oʻrganildi.
Aniq vaziyatlar misolida tuman va shahar rahbarlari amalda eng koʻp uchraydigan muammoli masalalar koʻrib chiqildi. Muayyan aholi yashash punktlarining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda loyihalarni boshqarish yangi mexanizmlarini amalda qoʻllash boʻyicha aniq tushuntirishlar berildi.
Koʻtarilgan muammolar tegishli vazirlik, idora va tijorat banklari rahbarlari ishtirokida oʻrganilib, ularni imkon qadar tezroq hal etish boʻyicha samarali chora-tadbirlar koʻrish topshirildi.
Shuningdek, yigʻilish ishtirokchilari investorlar bilan ishlashni takomillashtirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash hamda viloyatdagi tuman va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini yaxshilash boʻyicha oʻz takliflarini taqdim etdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.