Navoiy viloyatidagi loyihalar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanadi

    Biznes 31 Yanvar 2022 1120

    Joriy yil 30-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligidagi ishchi guruh Navoiy viloyatiga borib, u yerdagi investitsiyaviy faoliyatning tahlilini oʻtkazdi hamda viloyatda amalga oshirilayotgan loyihalarni oʻrganib chiqdi.

    “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hududida amalga oshirilayotgan loyihalarning bugungi holatiga alohida eʼtibor qaratildi. Mazkur EIZ hozirgi vaqtda yangi yirik sanoat korxonalari tashkil etilishi mumkin boʻlgan foydalanilmayotgan, boʻsh turgan maydon va infratuzilmaviy salohiyatga ega ekanligi taʼkidlandi.

    Shu munosabat bilan, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish orqali EIZ hududida yangi loyihalarni amalga oshirishga investorlar va tadbirkorlarni jalb qilishni kuchaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

    Shuningdek, ishchi guruh bir qator sanoat obyektlariga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi hamda loyihalar tashabbuskorlari bilan ular faoliyatini yanada kengaytirish boʻyicha rejalarni va mavjud muammolarni muhokama qildi.

    Bayon etilgan barcha masalalar nazoratga olinib, ularni bartaraf qilish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga aniq koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.