“O'zbekiston—Xitoy dori texnologiyalari parki” loyihasi “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasidan ajratilgan 12 gektar yer maydonida amalga oshiriladi. Qurilish ishlarini boshlash uchun rasman start berildi.
Xitoy bilan hamkorlikdagi loyihaning umumiy qiymati 10 million dollarga teng. Loyihani Innovatsion rivojlanish vazirligi va Xitoy Fanlar Akademiyasi hamkorlikda ishlab chiqqan.
Loyiha doirasida O'zbekistonda dori vositalarining substantsiyalarini ilg'or texnologiyalar asosida ishlab chiqarishga mo'ljallangan korxona barpo etiladi. Mazkur korxonaning qurilishi 3 bosqichda amalga oshiriladi va 2024-yilning yakunida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Dastlabki bosqichda korxonada 16 turdagi dori vositalarining substantsiyalari keng miqyosda ishlab chiqariladi, keyinchalik ularning soni bozor talablariga muvofiq ravishda kengayib boradi. Loyihaning birinchi bosqichida 45 ta ish o'rni yaratilib, ish o'rinlari soni har yili oshirib boriladi.