Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari saroyida Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti tomonidan Buyuk shoir va mutafakkir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 584-yilligiga bagʻishlangan “Navoiydan taralgan mangu navolar” nomli teatrlashtirilgan konsert dasturi tashkil etildi.
Teatrlashtirilgan konsert dasturida Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti professor-oʻqituvchilari va isteʼdodli talaba-yoshlari tomonidan Alisher Navoiy gʻazallari kuyga solinib, mahorat bilan ijro etildi, shuningdek, sahna koʻrinishlarida shoirning hayoti hamda asarlaridan parchalar namoyish etildi. Bundan tashqari, vatanparvarlik ruhidagi kuy va qoʻshiqlar hamda sheʼrlar tadbirga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.
Eʼtiborlisi, konsert dasturidagi barcha kuy-qoʻshiqlar, monolog hamda sheʼrlar toʻliq jonli ijro etildi.
Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida aktyorlik, rejissyorlik, kinoteleoperatorlik, sanʼatshunoslik, folklor ijrochiligi, milliy qoʻshiqchilik, xalq cholgʻulari ijrochiligi, madaniyatshunoslik, kutubxonashunoslik hamda madaniyat va sanʼat menejmenti taʼlim yoʻnalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlanayotgani tadbir davomida yana bir karra oʻz isbotini topdi.