Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Tuproqqalʼa tuman boʻlinmasi tashabbusi bilan»Dolzarb oʻn kunlik» loyihasi doirasida tashkil etilgan taqdimot tadbirida Bekzod Abdrimov qalamiga mansub “Xorazmiylar izini izlab”, “Sulton Jaloliddin Xorazmshoh Pokistonda”, «Ikki buyuk sarkarda yoxud Jaloliddindan Qutuzgacha» kitobi hamda tumanimiz yosh ijodkorlari qalamiga mansub “Begʻubor bolalik bahori” sheʼriy kitoblari taqdim etildi va kitoblarning qisqacha mazmuni kitobsevar ishtiokchilarga tanishtirildi.
Taqdimotda maktablarning Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarlari, Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar, ijodkor oʻquvchilar hamda keng jamoatchilik qatnashdi.
Bekzod Abdirimov qalamiga mansub kitoblar Xorazm viloyat hokimligi va Jaloliddin Manguberdi fondi tomonidan nashrga tayyorlandi. Kitoblarda uzoq yillar hukm surgan xorazmiylar imperiyasi tarixi, buyuk ajdodlarimizning yurtini himoya qilish yoʻlida koʻrsatgan jasorat va gʻalabalari hakida hikoya qilinadi.
“Xorazmiylar izini izlab” nomli kitob (VIII-XIII asrlar) Yevroosiyo hududlarida kechgan siyosiy va etnik jarayonlarda xorazmliklarning oʻrni nomli ilmiy-publitsistik-tarixiy monografiyasi chin maʼnoda tarixiy-maʼnaviy ahamiyati yuksak asardir. “Sulton Jaloliddin Xorazmshoh Pokistonda” nomli kitob Bekzod Abdirimov va Vasim Sajjad muallifligida yozilgan boʻlib, Anushtegin Xorazmshoh davlatining soʻngi hukmdori Jaloliddin Manguberdining 1221-1224-yillarda Pokistondagi harbiy faoliyati tarixiga bagʻishlanadi. Shuningdek, Xorazm vohasi va uning qisqacha davlatchilik tarixi, Anushtegin Xorazmshohlar davlatining paydo boʻlishi, Markaziy Osiyoga moʻgʻillarning bostirib kirishi kabi voqealarni ham oʻz ichiga olgan. «Ikki buyuk sarkarda yoxud Jaloliddindan Qutuzgacha» deb nomlangan kitobda Jaloliddin Manguberdining moʻgʻullarga qarshi olib borgan qahramonona kurashlari oʻz aksini topgan. Asar oʻzbek tilida oʻziga xos dizayn va yuqori poligrafik sifatda nashr etilgan.
Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumani yosh umidli ijodkorlarning “Begʻubor bolalik bahori” nomli kitobi “Xorazm yoshlari” nashriyot-matbaa uyida chop etildi.
Tuman hokimining maslahatchisi Gulnoza Sobirova yosh ijodkorlar qalamiga mansub “Begʻubor bolalik bahori” kitobi va yosh ijodkorlar ijodining oʻziga xos jihatlari, kitobdan joy olgan sheʼrlarning mazmun mohiyati, yoshlar tarbiyasidagi oʻrni va ahamiyati haqida fikr yuritdi. Shundan soʻng kitobdan oʻrin olgan yosh ijodkorlarning ijod namunalardan oʻqib berdi. Maktabda tahsil olayotgan oʻquvchilarni ham ijodiy toʻgaraklarga chorlab, ustozlar ijodini oʻqishni tavsiya qildi. Shuningdek, tumanimizda umidli ijodkorlar yetishib kelayotganidan faxrda ekanligini taʼkidladi. Taqdimot yakunida ishtirokchilarga kitoblar jamlanmasi sovgʻa qilindi.
Fatima Seydabdullayeva,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Tuproqqalʼa tuman boʻlinmasi bosh mutaxassisi.