Koʻtarinki ruhda tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Odil Abdurahmonov, Adham Ikramov boshchiligidagi Yoshlar siyosati va sport vazirligi mutasaddilari, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, markaz rahbariyati va yosh sportchilarimiz ishtirok etdi.
Markazda viloyatlarning oʻziga xos urf-odatlari, turli anʼanalari, tansiq taomlari namoyish etildi. Bu orqali yosh chempionlar va mehmonlar mamlakatimizning boy madaniy merosi, tarixiy anʼanalari bilan yaqindan tanishdi.
Yana bir ahamiyatli tomoni, bayram bayramga ulanib, markazdagi qayta taʼmirlangan futbol maydoni, yangi qurilgan kamondan otish majmuasi oʻquvchilar ixtiyoriga foydalanishga topshirildi. Bu majmualar kelgusida yangi chempionlarni tarbiyalash yoʻlida xizmat qilishi, milliy urf-odatlarimizni oʻzida jam qilgan bunday bayramlar yurtimizning boy tarixini yanada chuqur anglashga yordam berishi alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, Yoshlar siyosati va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Alisher Saʼdullayev markaz hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi koʻchat ekish “estafeta”sini boshlab berdi.