Kamalak halqasi quyoshni oʻrab,
Yuksakdan boqadi olamga qarab,
Bolalar “bu ne?” deb turishar soʻrab,
Yetti rang ichidan taralar yogʻdu.
Bahorgi kun va tun tenglashgan kun bu.
Koʻkda muqim turib kuylar boʻztoʻrgʻay,
Uning qoʻshqanoti ishlaydi tolmay,
Izgʻirin tentirar qishni topolmay
Sovuqning muz qotgan koʻnglida gulu
Kumush kish yoʻlidan adashgan kun bu.
Oʻrikni gul oʻrab,yasanadi tol,
Munglimas,shoʻx qoʻshiq aytadi shamol.
Yuksak togʻ bagʻriga ketar qish behol
Jilmayib borlikka ilohiy jodu
Ming bitta moʻjiza ulashgan kun bu.
Kuzgi bugʻdoy, arpa yelga qoʻl tutar,
Maysalarin shamol quchib silkitar,
Oʻt-oʻlan oftobga sogʻinchin aytar
Koʻklam toʻqiyotgan koʻm-koʻk gilam u
Koʻzlar jamolidan qamashgan kun bu.
Qishga kuz-kuz qilib yangi kun sirin,
Dehqon omoch ila haydaydi yerin,
Vaqti yetmas hatto artmoqqa terin
Orzusi moʻl hosil, niyati ezgu
Inson va yer koʻngli tutashgan kun bu.
Toʻrda aziz mehmon — koʻklam oy soʻzlar,
Qoʻlida ismaloq hamda yalpizlar,
Momolar, yangalar, kelinlar, qizlar
Mehnati aks etgan sumalak — koʻzgu
Yurtim jamoliga yarashgan kun bu.
Har qalbda quvnashga uygʻonar mayl,
Boshlanar dala-kir,bogʻ-rogʻda sayil,
Bahoroy, himmatu sehringga qoyil.
Yasharar dillarda barq urgan tuygʻu,
Bahorgi kun va tun tenglashgan kun bu.
Saydulla Qoplonov,
Jizzax viloyati, Baxmal tumanidagi 11-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi.