Ta'limga yo'naltirilgan har qanday investitsiya bir kun kelib o'zini oqlashi so'nggi yillardagi tajribalardan ma'lum. O'z sohasida yuqori bilimga ega, malakali kadrga ehtiyoj va talab doim yuqori bo'ladi. Sodda qilib aytganda, yaxshi mutaxassis hech qachon “ko'chada qolmaydi”.
Zamon tezkor, har kuni har sohada yangilanishlarga guvoh bo'lyapmiz. Shunday sharoitda mamlakatimizning barcha tarmoqlarida ilg'or fikrlaydigan, malakali, bugungi kun talablariga mos kadrlar zarur. So'nggi yillarda yurtimizda oliy ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlardan ko'zlangan maqsad ham shu aslida.
Iqtisodiyot tarmoqlari nihoyatda keng va ularga raqobatbardosh mutahassislarni yetkazib berish oson emas. Xususan, gaz, gazkondensat qazib chiqarish, er ostida saqlash obyektlarini ishlatish va xizmat ko'rsatish, neft va gaz quduqlari tadqiqotining geofizik usullari, neft qazib chiqarish obyektlarini ishlatish va xizmat ko'rsatish kabi yo'nalishlar bo'yicha etuk kadrlarga yurtimizda ham, xorijda ham talab yuqori. Bu talabni qondirish esa shu yo'nalishlardagi oliy ta'lim muassasalari zimmasiga mas'uliyat yuklaydi. Bu vazifalarning mamlakatimizda oliy ta'lim tizimiga qaratilayotgan katta e'tibor, ularda o'quv, ilmiy-innovatsion, ma'naviy-ma'rifiy ishlarni takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan uyg'unligi natijalar ko'lamini yanada oshirmoqda.
I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz (Milliy tadqiqot universitete) universitetining Toshkent shahridagi filialida ham bu borada qator tizimli ishlar olib borilyapti. Filial 2007-yilda o'z faoliyatini boshlab, keyinroq “O'zbekneftgaz” aktsionerlik jamiyati tarkibiga kiritilganidan buyon tizimdagi korxonalarga malakali kadrlar tayyorlab kelmoqda. O'zaro hamkorlik asosida 2021-yilning 29-iyunda “O'zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi tamonidan “I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz (Milliy tadqiqot universiteti) universitetining Toshkent shahridagi filialining faoliyatini tubdan takomillashtirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va modernizatsiya qilish, zamonaviy o'quv va ilmiy laboratoriyalar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan jihozlash bo'yicha 2021—2025-yillarga mo'ljallangan chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlandi. Mazkur hujjatda qator o'zgarishlar, xususan, xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy ta'limning ilg'or standartlarini joriy etish, o'quv dasturlarida nazariy bilim olishga yo'naltirilgan ta'limdan amaliy ko'nikmalarni shakllantirishga yo'naltirilgan ta'lim tizimiga bosqichma-bosqich o'tish, ta'limning ishlab chiqarish korxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan o'zaro manfaatli hamkorligini yo'lga qo'yish va boshqalar ko'zda tutilgan.
So'nggi yillarda ushbu sohaga qiziquvchi yoshlar soni ortib borayotgani holda, ularning ta'lim olish imkoniyatlarini oshirishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2021-yil 7-maydagi “Neft-gaz hamda elektr energetika sohalari uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga o'zgartirishlar kiritish to'g'risida”gi qaroriga binoan 2021-2022-o'quv yili qabul kvotalari Filial Vasiylik kengashi qarori bilan “O'zbekneftgaz” AJ, “O'ztransgaz” AJ, “Xududgazta'minot” AJ shuningdek, boshqa tashkilotlar haqiqiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan xolda tasdiqlandi. Unga ko'ra, joriy yilda I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz (Milliy tadqiqot universiteti) universitetining Toshkent shahridagi filialida jami 8 ta yo'nalish bo'yicha 480 ta o'rin ajratildi. Shundan 30 tasi Qashqadaryo viloyatidagi hududiy tayyorlov bo'linmasi bitiruvchilari uchun maqsadli o'rinlardir.
Qabul komissiyasi tamonidan 30-iyunga qadar ajratilgan o'rinlar uchun 1000 dan oshiq abitiruentlardan arizalar kelib tushdi. 3,7,10-iyul kunlari belgilangan fanlar bo'yicha kirish imtihonlari bo'lib o'tdi. Imtixonlar Moskvadagi I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz (Milliy tadqiqot universiteti) universiteti professor-o'qituvchilari tomonidan o'tkazilib, unda eng yuqori ball to'plagan yigit-qizlar oliy o'quv yurtining Toshkent filiali talabasiga aylandi.
Bugungi kunda universitet o'quv dasturi dual ta'lim tizimiga asoslanadi. Boisi, dual ta'lim tizimi yuqori texnologiyali ishlab chiqarish talablariga javob beradigan malakali kadrlarni tayyorlash orqali kadrlarning raqobatbardoshligini oshirish vositalaridan biri hisoblanadi. Unda nazariya va amaliyot birligi, o'quv jarayonida fanlararo kompleks yondashuv, ko'nikma va bilimlarni kasbiy faoliyatda qo'llashga e'tibor qaratilgani holda, ta'lim standartlari asosida kompetentlik yondashuvining asosiy tamoyillariga to'liq javob beradi. Mazkur tizimning eng katta afzalligi mutaxassislarni tayyorlashda o'quv va ishlab chiqarish sohalarining hamkorligi hamda bitiruvchilarni yuqori darajada ish bilan ta'minlashdan iborat.
Ta'kidlash joiz, dual ta'lim tizimi O'zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish, yirik va kichik biznes sub'ektlarida aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta'minlash hamda kambag'allikni qisqartirish uchun mehnat faoliyati bilan ta'limni uyg'unlashgan holda tashkil etish orqali malakali kadrlar tayyorlash imkonini bermoqda. Filial talabalari amaliy mashg'ulotlar orqali bosqichma-bosqich “O'zbekneftgaz” aktsiyadorlik jamiyati korxonalarida o'zlari orzu qilgan kasbning sir-asrorlarini o'rganib, mahorat saboqlarini to'g'ridan-to'g'ri mahalliy kompaniyaning o'zida o'zlashtiradi.
2020-2021-o'quv yilidan boshlab filial talabalari uchun Sho'rtan, Muborak, Gazli boshqarmalari, “O'zneftgaz burg'ilash ishlari” va “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” kabi korxonalardan biriktirilgan ishlab chiqarishning yetuk mutaxassislari rahbarligida barcha ta'lim yo'nalishlaridagi 2-3-bosqich talabalarining 272 nafari nazariy bilimlarini amaliyot orqali mustahkamlab, tajriba orttirmoqda.
Ta'limning bunday shakli talabalarning o'quv mashg'ulotlari jarayonida olgan nazariy va kasbiy bilimlarini ishlab chiqarish sharoitida mustahkamlash imkonini beradi. Zamonaviy ta'lim tizimidan ko'zlangan asosiy maqsad ham talabalarni kasbiy faoliyatga tayyorlash, nazariy bilimlarini mustahkamlash va chuqurlashtirish, bo'lajak mutaxassislarning kasbiy faoliyatini bajarishga tayyorgarligini shakllantirishdan iborat.
Abdulla MAG'RUPOV,
I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz
(Milliy tadqiqot universiteti) universitetining
Toshkent shahridagi filiali ijrochi direktori