— Yozning issiq kunlarida issiq choy ichish organizmning ichki haroratini muvozanatlashga yordam beradi, — deydi Yunusobod tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻi Shoira Abdusattarova. — Issiq choy ichganda tana terlash orqali oʻz-oʻzini sovitadi va bu salqinlikni his qilishga olib keladi.
Issiq choyning koʻplab foydalari bor, jumladan:
Choy antioksidantlar bilan boyitilgan, bu esa hujayralarni zararli moddalardan himoya qiladi va qarish jarayonini sekinlashtiradi.
Issiq choy hazm qilishni yaxshilashga yordam beradi va bu jarayonni yengillashtiradi.
Koʻplab choy turlari tinchlantiruvchi taʼsirga ega boʻlib, stress va asabiylikni kamaytiradi. Masalan, moychechakli choy uyquni yaxshilashga yordam beradi.
Zanjabil choyi immun tizimini mustahkamlaydi, sovqotish va infeksiyalarga qarshi kurashadi.
Choy yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilab, qon bosimini pasaytiradi.
Baʼzi choylar metabolizmni tezlashtiradi, bu esa ozishga koʻmaklashadi.
Issiq choy organizmdagi oqsillarni yaxshi yutilishini taʼminlaydi va tanaga oziq moddalarni yaxshiroq singdirishga hissa qoʻshadi.
Yoz chillasida issiq choy ichishning baʼzi zararli tomonlari ham bor:
Agar odamni tez-tez uyqu buzilishi, jigʻildon qaynashi, qorin ogʻrigʻi, bosh aylanishi bezovta qilsa, eʼtiborini isteʼmol qilayotgan choy miqdori va turiga qaratishi zarur. Ichimlik tarkibida yuqori miqdordagi kofein uyqusizlikka sabab boʻlishi va oʻrganib qolishga olib kelishi mumkin.
Issiq ichimliklar baʼzi odamlar uchun hazm qilish muammolarini keltirib chiqarishi ehtimoli ham bor. Ichimlik tarkibidagi oshlovchi moddalar qonda temir konsentratsiyasi pasayishiga hamda hazm qilish yoʻllarining shikastlanishiga sabab boʻladi.
Choy — peshob haydovchi ichimlik, u organizmdagi suyuqlikni chiqarib yuboradi. Shu bois haddan tashqari issiq choy ichish tanani suvsizlantirishi mumkin.
Shunday ekan, yoz oylarida issiq choy ichishdan avval organizmning oʻziga xos xususiyatlari, kasalliklarga moyilligi, tabiiy ehtiyojlarini hisobga olish muhim.