Uning afzalligi shundaki, u davlatning siyosiy, huquqiy va ijtimoiy hayotida barqarorlik, izchillik hamda qonun ustuvorligini ta’minlaydigan asosiy meʻyoriy poydevor vazifasini bajaradi. Konstitutsiya orqali davlat tuzilmasi, hokimiyatlar boʻlinishi, fuqarolarning huquq va erkinliklari aniq belgilab qoʻyiladi, bu esa jamiyatning barqaror rivojlanishi hamda fuqarolarning davlatga boʻlgan ishonchini mustahkamlaydi.

Bugungi tez oʻzgarayotgan dunyoda har bir insonning Konstitutsiyani bilishi uning huquqiy savodxonlik darajasi, jamiyatdagi oʻrnini toʻgʻri anglay olishi va oʻz fuqarolik pozitsiyasini ongli ravishda shakllantirishini ifodalaydi. Shu jihatdan, u yoshlar uchun hayotiy qoʻllanma vazifasini bajaradi. Konstitutsiyadan boxabar boʻlgan inson oʻz huquq va majburiyatlarini nafaqat yaxshi tushunadi, balki davlat hayotida faol ishtirok etish, qonuniy imkoniyatlardan foydalanish hamda jamiyat taraqqiyotiga masʼuliyat bilan oʻz hissasini qoʻshish qobiliyatiga ega boʻladi.Jumladan, Konstitutsiya har bir insonning ta’lim olish, erkin fikrlash, sogʻlom va xavfsiz hayot kechirish, teng huquqli boʻlish kabi asosiy huquqlarini kafolatlaydi. Konstitusiyaning 50-moddasi birinchi bandiga koʻra: “Har kim ta’lim olish huquqiga ega”. Unga koʻra, har bir fuqaro, yosh-u kattaning sifatli va erkin ta’lim olish imkoniyatiga egaligi hamda davlatning bu huquqni ta’minlash va ta’lim tizimini rivojlantirishga mas’ul ekanligi belgilab qoʻyilgan. Ta’lim olish huquqi yoshlar uchun bilim olish va ma’naviy rivojlanish poydevori, shuningdek, jamiyatning faol va mas’uliyatli a’zosi sifatida oʻsishining garovi hamdir.

Konstitusiyaning 48-moddasi birinchi bandiga koʻra: Har kim sogʻligʻini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”. Bu konstitusiyaviy norma har bir fuqaroning sogʻligʻini saqlash va malakali tibbiy xizmatlardan erkin foydalanish huquqini kafolatlaydi. Davlat esa ushbu huquqni ta’minlash va aholiga sifatli tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga mas’uldir. Shu orqali yoshlar va kattalar oʻz salomatligini muhofaza qilgan holda toʻliq va faol hayot kechirish imkoniga ega boʻladi.

Konstitusiyaning 53-moddasi birinchi bandida har bir fuqaroga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi hamda madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlangan: Har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi”. Buning natijasida inson oʻzining ilmiy, texnik, badiiy va ijodiy izlanishlarini erkin olib borish, yangi gʻoyalar va ijodiy ishlarni namoyon etish imkoniyatiga ega boʻladi. Shu bilan birga, intellektual mulk muhofazasi fuqarolarning ilmiy, ijodiy va badiiy ishlariga egalik huquqini himoya qilish, ularning mehnatiga oid huquqlarning buzilishiga yoʻl qoʻymaslik va intellektual mulk sohasidagi noqonuniy harakatlarga qarshi kurashishni ta’minlaydi.

Yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy rivojlanishiga qaratilgan shart-sharoitlarni yaratish hamda ularning huquqlarini ta’minlashning muhim vazifalaridan biri sifatida yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, vatanparvarlikni va xalqning boy madaniy merosidan faxrlanish tuygʻularini shakllantirish masalasi Konstitusiyaning 78-moddasi toʻrtinchi bandida mustahkamlangan: Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga boʻlgan mehr-muhabbat tuygʻularini shakllantirish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi”.

Konstitusiyaning 79-moddasi birinchi bandida qayd etilganidek: Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantiradi”. Mazkur norma davlatning yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash siyosatini aks ettirib, ularning jamiyatdagi faolligini ragʻbatlantirish hamda ularga teng imkoniyatlar yaratish kerakligini ifodalaydi.Shuningdek, Konstitusiyaning 79-moddasi ikkinchi bandiga koʻra: “Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sogʻligʻini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”. Bu konstitusiyaviy norma davlatning yoshlar uchun jamiyatda barqaror, qulay va teng huquqli muhit yaratib berish majburiyatini ifodalaydi. Ya’ni, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli boʻlishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish va qoʻllab-quvvatlashni kafolatlaydi.

Xulosa qilib aytganda, Konstitusiya davlatgayoshlarga gʻamxoʻrlik qilish masalasida muhim va mas’uliyatli majburiyatlarni yuklaydi. Eng asosiysi, Konstitusiya yoshlar uchun hayotiy qoʻllanma vazifasini bajarib, ularning har tomonlama rivojlanishi va jamiyat hayotida faol, toʻlaqonli ishtirok etishini ta’minlaydi.

 

 

Oblomuradova H.N.
TDYU dotsenti, PhD