Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy YUNESKO Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Goʻbeklitepeda olib borilayotgan qazish ishlarini koʻzdan kechirdi. U 12 ming yillik tarixga ega boʻlgan Goʻbeklitepening nafaqat Onadoʻli, balki butun insoniyat tarixining boshlangʻich nuqtasi ekanligini taʼkidladi hamda u yerda olib borilgan qazishmalarda yangi va noyob haykal topilganini maʼlum qildi:
“Goʻbeklitepedagi qazish ishlari davomida yana bir juda muhim kashfiyot topilgani xushxabarini baham koʻrmoqchiman. Goʻbeklitepening B va D binolari oʻrtasidagi hududda xona devori ichiga gorizontal tarzda oʻrnatilgan va nazr sifatida qoʻyilgan deb taxmin qilinayotgan inson haykali topildi. Bunga oʻxshash namunalarni Karahantepeda uchratgan edik. Ammo Goʻbeklitepedan topilgan ushbu yangi topilma Neolit davrining marosimlari va eʼtiqod dunyosiga oydinlik kiritadigan juda qimmatli kashfiyotdir”.
Shuningdek, Madaniyat va turizm vaziri oʻrinbosari Goʻkhan Yazgining fikriga koʻra, haykalning aynan oʻsha joyda boʻlishi oʻziga xos ramziy maʼno kasb etish bilan birga Neolit davriga oid koʻplab tasavvurlarni qayta shakllantirmoqda.
Davr haykaltaroshligi muvaffaqiyatining ramzi
Goʻbeklitepe qazish ishlari direktori Nejmi Karul ham haykal haqida maʼlumot berib, uning oyogʻi yoʻq, lekin boshi va tanasi aniq ajralib turganligini taʼkidladi. Uning fikricha, haykalning devor ichida joylashgani uning vazifasini toʻliq aniqlashni qiyinlashtiradi.
“Goʻbeklitepeda haykaltaroshlik sohasining yuksak mahoratini estetik uslub bilan yaratilgan asarlarda koʻrish mumkin. Neolit davriga oid haykallar bor, biroq bu haykalning devor ichiga chalqancha va siniq holda joylashtirilgani birinchi marta kuzatilmoqda. Nega aynan u yerga qoʻyilgani haqidagi aniq mulohaza uchun esa vaqt zarur”, deydi Karul, haykal oʻsha yerda oʻtkazilgan marosimning bir qismi boʻlishini ifodalab.
“Goʻbeklitepega qiziqish barqaror ravishda davom etadi”
Mehmet Nuri Ersoy oʻz nutqida Goʻbeklitepeda boshlangan qazishmalar arxeologiya olamida burilish nuqtasi boʻlgani, “Kelajak uchun meros” loyihasi doirasida olib borilgan ishlar bilan kifoyalanib qolmay, shuningdek, topilmalarni qayta tiklab, muhofaza qilib va ularni kelajak avlodga topshirayotganini taʼkidlab oʻtdi.
“Goʻbeklitepening hozirgacha topilgan eng yirik tuzilmasi boʻlgan C binoda devorlarni mustahkamlashdan tortib, tik toshlarni asl joylariga qaytarishgacha boʻlgan keng qamrovli ishlar muvaffaqiyatli yakunlandi. Balandligi 6 metrgacha yetadigan tonnalab ogʻirlikdagi tik toshlar olimlarimizning sinchkovligi va yuqori mahorati bilan yana tik holatga keltirildi. Bu jarayonda qoʻllangan har bir materialning asl nusxaga muvofiqligi alohida eʼtiborga olindi. Endilikda nafaqat qazish va asrash, balki ziyoratchilarni boshqarish borasida ham yangi davrga qadam qoʻymoqdamiz. 2025-yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladigan yangi ziyoratchilar markazi, avtoturargoh va piyoda yoʻllari orqali Goʻbeklitepega boʻlgan qiziqishni barqaror tarzda boshqarishni maqsad qilmoqdamiz. Goʻbeklitepe butun insoniyat tarixining mushtarak merosidir”, dedi Mehmet Nuri Ersoy.
2025-yil davomida “Tosh tepaliklar” loyihasi doirasida 36 ta xalqaro ilmiy muassasa ishtirokida 220 nafar mutaxassis va talabalardan iborat jamoa bilan 10 ta turli nuqtada arxeologik qazishmalar olib borildi.








