NEST ONE – Yangi Oʻzbekiston imiji va salohiyatini dunyoga namoyon etishni maqsad qilgan loyiha

    Urbanizatsiya 20 Noyabr 2023 1986

    Muassislar koʻchmas mulk sohiblari intiqlik bilan kutgan yangilik – xonadonlar, ofislar va riteyl-hududlar egalariga kadastr hujjatlarini bosqichma-bosqich taqdim etish boshlanganini eʼlon qildi.

    Qurilish sohasi iqtisodiyotimizning chin maʼnoda “drayver”iga aylandi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda koʻp qavatli uylar, servis-xizmat koʻrsatish va ijtimoiy soha obyektlari qad rostladi. Bularning bari bir maqsadga – xalq farovonligiga erishish maqsadida bunyod etilayotir.

    Toshkent shahrida mamlakatimizdagi ilk osmonoʻpar bino – Nest One qurilishi ham ana shunday maqsadga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

    Kuni kecha Nest One qurilishi yakunlanishiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Tadbirda Nest One jamoasi, jurnalist, bloger va inflyuenserlar ishtirok etdi.

    Majmua alohida ekotizim sifatida oʻylangan boʻlib, shaharning ajoyib manzarasi namoyon boʻluvchi premial xonadonlar, ofislar va 33 ta jamoat hududlari – doʻkon, restoran, bolalar maydonchalari, shuningdek, qishki bogʻ, dam olish va sport maydonlarini oʻz ichiga olgan. Turar joy binosining baladligi 267 metrni tashkil etib, ellik ikki qavatdan iborat.

    Tadbirda berilgan maʼlumotga koʻra, binoni qurish uchun 27 ming tonna temir, 150 ming tonna beton ishlatilgan. Bu binoning mustahkamligini taʼminlashga xizmat qiladi. Taʼkidlash joizki, majmua qad rostlashida mingdan ortiq mutaxassis jonbozlik koʻrsatdi.

    Matbuot anjumani avvalida davlatimiz madhiyasi yangradi. Nest One taʼsischilaridan biri, Murad Buildings asoschisi Murad Nazarov madhiyamiz yangrashida ramziy maʼno borligini, boisi Nest One mamlakatimiz va xalqimizning ishonchi tufayli qad rostlaganini taʼkidladi. U mazkur yirik loyihaning yaratilish rejasi qanday boʻlgani, jamoa qanday shakllantirilgani, binoning poydevori qurilishidan to boʻy koʻrsatib bugungi koʻrinishiga kelguncha boʻlgan davr haqida gapirdi. Bunda davlatimiz eʼtibori, xalqimiz ishonchi loyiha ishtirokchilariga katta koʻmak koʻrsatganini qayd etdi.

    Taʼkidlash kerakki, Nest One qurilishi koʻplab novatorlik konsepsiyalarini uygʻunlashtiradi. Ishlatilgan barcha materiallar va yechimlar jiddiy asos va murakkab muhandislik hisob-kitoblariga ega. Imoratda eng soʻnggi jahon texnologiyalari qoʻllanilgan va bugungi kunda dunyodagi eng xavfsiz osmonoʻpar binolardan biri, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Yongʻin xavfsizligi barcha xalqaro standartlarni inobatga olgan holda loyihalangan. Binoning tashqi fasadini bezashda oʻtga chidamli materiallardan foydalanilgan. Binoning ichki tarafiga zamonaviy tutun sezish tizimi oʻrnatilgan, sezgir datchiklar tufayli u sanoqli soniyalarda muammo haqida signal yoʻllaydi va yongʻinga qarshi himoya tizimini ishga tushirishga buyruq beradi. Evakuatsiya yoʻllari ventilyatsiya tizimining oqilona rejalashtirilgani va makonning germetikligi tufayli tutun toʻlib qolishidan puxta himoyalangan. Binoda yongʻinga qarshi liftlar, avariyaviy yoritish tizimi koʻzda tutilgan, avariyaviy elektr energiyasi generatorlari oʻrnatilgan.

    Muassislardan biri, “Özgüven” asoschisi Oʻzgur Oʻnur Oʻzguven binoning mana shu jihatlari, yaʼni zamonaviy texnologiyalar asosida, avvalo, odamlar hayoti xavfsizligi hisobga olingan holda qad rostlaganini taʼkidladi.

    Matbuot anjumani soʻnggida tadbir ishtirokchilarining savollariga muassislar tomonidan javob berildi. Qavatlar boʻylab sayohat tashkil etildi.

    Bashorat YUNUSOVA,

    yuz.uz muxbiri