Yangi tartibga koʻra, xorijiy davlatlar attestatsiya organlari yoki ularning qonunchiligiga muvofiq faoliyat yurituvchi oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan berilgan ilmiy daraja haqidagi hujjatlar vakolatli organ tomonidan koʻrib chiqiladi. Bunda hujjatlar ilmiy ekspertizadan oʻtkazilishi yoki ayrim hollarda ekspertizasiz toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinib, nostrifikatsiya qilinadi.
Davlat xizmatidan foydalanish uchun talabgor davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali elektron tarzda ariza topshirishi mumkin.
Mazkur davlat xizmati uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
Hujjatning haqiqiyligi tasdiqlangandan soʻng, u 20 kun ichida ilmiy ekspertizadan oʻtkaziladi. Ekspertiza yakunlariga koʻra, ijobiy xulosa berilsa, nostrifikatsiya qilingani toʻgʻrisida guvohnoma rasmiylashtiriladi. Agar salbiy xulosa chiqarilsa, hujjatni tan olish rad etiladi.
Shuningdek, davlat xizmati natijasida shakllantirilgan guvohnomalar elektron hujjatlar repozitoriysida saqlanishi belgilandi.