Mamlakatimizda oziq-ovqat taʼminotini barqarorlashtirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish boʻyicha keng imkoniyatlar yaratilgan. Bugungi kunda 4 million gektar ekin maydoni, 1,5 million tonna sigʻimga ega saqlash omborlari va 3,5 million tonna mahsulotni qayta ishlash quvvatlari aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, shuningdek, 4 milliard dollarlik mahsulot eksport qilish imkonini bermoqda.
Oʻzbekiston 2030-yilga qadar oziq-ovqat mahsulotlari eksportini 10 milliard dollarga yetkazish, eksport geografiyasini yana 100 ta davlatga kengaytirishni maqsad qilgan.
Yigʻilishda ushbu marralarga erishish uchun oziq-ovqat xavfsizligi tizimi xalqaro standartlarga toʻliq mos boʻlishi zarurligi taʼkidlandi.
Hozirga qadar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va nazorati bilan uchta idora shugʻullanib kelmoqda. Oqibatda sanitariya, veterinariya va karantin organlari oʻrtasida yagona maʼlumotlar bazasi shakllanmagan, ayrim vazifa va funksiyalar bir-birini takrorlamoqda. Bu esa tadbirkorlarning eksport va import jarayonlarida ortiqcha ovoragarchilikka duch kelishiga sabab boʻlmoqda.
Oʻsimliklar karantini agentligida 100 ta, Veterinariya qoʻmitasida 115 ta, sanitariya-epidemiologiya tizimida 44 ta vazifa va funksiya mavjudligi, shu bilan birga, mahsulotni “yetishtirishdan isteʼmolchigacha” kuzatib borish tizimi toʻliq yoʻlga qoʻyilmagani koʻrsatib oʻtildi.
Eksportda ham hal etilishi zarur boʻlgan masalalar bor. Xususan, Yevropa Ittifoqi tomonidan mahsulotlarimizda pestitsid qoldiqlari boʻyicha 25 ta ogohlantirish berilgani qayd etildi. Bu xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirish uchun mahsulot xavfsizligini nazorat qilish tizimini tubdan oʻzgartirishni talab qiladi.
Amalda nazorat idoralari tomonidan faqatgina yakuniy mahsulotni tekshirish bilan chegaralangani, ishlab chiqarish zanjirida oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligini kafolatlovchi xalqaro standartlarni joriy qilishga yetarlicha e’tibor qaratilmagani qayd etildi.
Shu munosabat bilan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini chuqur isloh qilish va xalqaro talablarga mos yagona markazlashgan tizim yaratilishi belgilandi.
Unga muvofiq, “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida barcha nazorat jarayonlarini qamrab oladigan Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi qoʻmitasi tashkil etiladi. U O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya qo‘mitasi va Sanepidqo‘mitaning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishi negizida negizida shakllantiriladi.
Yangi tizimda eskirgan, tadbirkor faoliyatiga toʻsiq boʻlayotgan tekshiruvlardan voz kechiladi. Oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlash bekor qilinib, uning oʻrniga xavfga asoslangan nazorat va tekshiruv tartibi joriy etiladi.
Bugungi kunda respublikadagi 80 mingta obyektdan faqat 1,6 mingtasida, yaʼni 2 foizida bunday tartib qoʻllanilmoqda. Endilikda xavfli mahsulotlar toʻgʻrisida tezkor xabar berish va ularni qaytarib olish boʻyicha elektron tizim yaratiladi.
2029-yil 1-yanvardan boshlab meva-sabzavot eksporti faqat agrologistika markazlari orqali amalga oshiriladi. Eksport salohiyati yuqori yirik oziq-ovqat korxonalarini xalqaro xatarlar tahlili standarti va Alimentarius kodeksi talablariga oʻtkazish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi. Ushbu koʻrsatkich 2028-yilgacha 20 foizga, 2030-yilgacha 60 foizga, 2032-yilgacha esa 100 foizga yetkaziladi.
Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 20 ta tumanda ichki fitosanitariya sertifikatini rasmiylashtirishga koʻmaklashuvchi jamoatchi inspektorlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bundan buyon meva-sabzavot eksporti statistikasi mahsulot qaysi hududda yetishtirilgan boʻlsa, oʻsha hududda hisobga olinadi.
2027-yildan boshlab laboratoriya tekshiruvi, hayvonlarni emlash, dezinfeksiya va identifikatsiya qilish kabi 6 ta davlat funksiyasi xususiy sektorga beriladi. Viloyat hokimlariga yil yakunigacha ushbu xizmatlar boʻyicha kamida 2 tadan xususiy laboratoriya va veterinariya klinikasini tashkil etish topshirildi.
Har bir mahsulot boʻyicha onlayn kuzatish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Fermer va dehqonlar uchun “Agro koʻmakchi” mobil ilovasida elektron “Dala daftari” tizimi joriy etiladi. Mazkur tizim orqali sunʼiy intellekt zararkunandalar tarqalishini oldindan bashorat qilib, dehqonlarga zarur tavsiyalar beradi.
Faol va halol ishlayotgan fermerlar reytingi yuritiladi va ularga qoʻshimcha imtiyozlar beriladi. 2027-yil 1-martgacha oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi boʻyicha yagona avtomatlashgan axborot platformasi ishga tushiriladi. U chegaradagi “Yagona darcha” tizimi bilan integratsiya qilinib, eksportchilar ortiqcha byurokratik jarayonlardan ozod etiladi.
Yangi tizim orqali importda nazorat vaqti 9 kundan 2 kunga, eksportda esa 3 kundan 1 kungacha qisqartirilishi belgilandi. Buning hisobiga tadbirkorlarning mahsulotni omborda saqlash xarajatlari 70 milliard soʻmga tejaladi.
Yigʻilishda chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Tahlillarga koʻra, keyingi 25 yilda dunyo mamlakatlarining 42 foizida qoramollar soni 12 foizga qisqargan. Buning asosiy sabablari qimmat ozuqa, qurgʻoqchilik, ekologik omillar, yuqori foiz stavkalari va daromad kamayishi bilan bogʻliq. Natijada jahon bozorida goʻshtning oʻrtacha narxi rekord darajaga yetgan.
Oʻzbekistonda chorvachilikni rivojlantirish uchun katta imkoniyat bor. Mamlakatimizda 16 million gektar yaylov mavjud, biroq bu salohiyatning atigi 10 foizidan foydalanilmoqda.
Shu bois, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida Chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish agentligi tashkil etiladi. U Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi negizida faoliyat boshlaydi.
Yangi agentlik oldiga qoramollar sonini 16,5 milliontaga, qoʻy va echkilar sonini 30 milliontaga, parrandalar sonini 141 milliontaga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, goʻsht va sutni qayta ishlash darajasini 50 foizga, nasldor qoramollar ulushini 90 foizga yetkazish, ozuqabop ekin maydonlarini esa 1,5 barobar koʻpaytirish belgilandi.
Ozuqa bazasini kengaytirish va naslchilikni yaxshilash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va har bir viloyatdan 1 tadan tuman chorvachilikka ixtisoslashtiriladi.
Ushbu tumanlarda paxta va gʻalla yerlarining 50 foiziga ozuqabop ekinlar ekishga ruxsat beriladi, buning uchun 10 foizli imtiyozli kreditlar ajratiladi. Barcha fermer xoʻjaliklariga ijara yerlarining 20 sotix qismida ortiqcha byurokratiyasiz yengil konstruksiyali binolar, ozuqa omborlari va silos oʻralari qurishga ruxsat beriladi.
Yil yakuniga qadar kamida 10 gektar yeri bor 28 ming 746 ta fermer xoʻjaligi yerida 2 million bosh qoramol boqishni tashkil etish vazifasi qoʻyildi.
Chorvachilikni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari ham belgilandi. 1-iyundan boshlab tijorat banklari yillik 10 foiz stavkada, 4 yil imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga kreditlar ajratadi. Nasldor chorvani import qiluvchilar 2029-yilgacha qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi.
Banklarga yillik 6 foiz stavkada 1 trillion soʻm va 50 million dollar resurs joylashtiriladi. Ushbu resurslar hisobidan joriy yilda 5,5 trillion soʻmlik 1,5 mingta loyihani ishga tushirish, 25 mingta ish oʻrni yaratish va qoramollar sonini 400 mingtaga oshirish rejalashtirilgan.
Kadrlar tayyorlash va naslli chorvani koʻpaytirish boʻyicha ham yangi dastur boshlanadi. 1-iyundan yetakchi agrar oliygohlarda sunʼiy urugʻlantirish boʻyicha 10 kunlik oʻquv kurslari tashkil etiladi. Har yili kamida 1 ming mutaxassis tayyorlanib, ular zarur uskunalar bilan bepul taʼminlanadi.
Xonadonlarda sunʼiy urugʻlantirilgan har bir nasldor buzoq uchun 500 ming soʻmdan hamda embrionlarni koʻchirib oʻtkazilganda 700 ming soʻmdan subsidiya toʻlanadi. Bu maqsadlar uchun qoʻshimcha 50 milliard soʻm ajratiladi.
Yigʻilishda mutasaddilarning hisobotlari, tadbirkor va fermerlarning takliflari tinglandi. Yangi tizimni joylarda samarali tashkil etish, tadbirkorlar va fermerlarga amaliy koʻmak berish, chorvachilikda ozuqa bazasi, naslchilik, qayta ishlash va eksport imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.