Davlatimiz rahbari Toshkent viloyati poytaxtga yaqin joylashgani uchun bu yerda yashovchi aholi ish oʻrinlari, daromad va turmush sharoiti ham Toshkent shahri darajasiga munosib boʻlishini kutishini taʼkidladi. Shu bois, viloyat tadbirkorlik va biznes muhitini yaxshilash, sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish borasida namuna boʻlishi lozimligi koʻrsatib oʻtildi.

Soʻnggi yillarda hududda keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2024-2025-yillarda viloyat uchun 23 ta qaror qabul qilinib, ular doirasida budjet, bank kreditlari va xorijiy investitsiyalar hisobidan yirik resurslar yoʻnaltirildi. Shu davrda 14 ta yangi sanoat zonasi tashkil etildi, 115 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi, 237 ta yangi eksportchi paydo boʻldi va 300 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi.

Oʻtgan bir yil ichida Parkent, Ohangaron va Olmaliqda elektrotexnika, metallurgiya, farmatsevtika, toʻqimachilik, mashinasozlik va togʻ-kon sohalaridagi yirik loyihalar ishga tushirildi. Poytaxt ekologiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan 87 ta korxona va yangi sanoat loyihalarini Toshkent viloyatiga koʻchirish ishlari boshlandi, hozirgacha 15 dan ortiq toʻqimachilik korxonasi koʻchib keldi va 4700 nafar fuqaro oʻz yashash joyida ishli boʻldi.

Umuman, 2025-yilda viloyatning yalpi hududiy mahsuloti hajmi 7,1 foizga, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 6,6 foizga, qishloq xoʻjaligi 4,2 foizga, xizmat koʻrsatish sohasi 15,2 foizga, qurilish-pudrat ishlari hajmi 9,8 foizga oʻsdi.

2026-yilda viloyat iqtisodiyotini 9,1 foizga, sanoatni 8,8 foizga, xizmatlarni 17,2 foizga, qurilish ishlarini 15 foizga va qishloq xoʻjaligini 6,6 foizga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun 6,2 milliard dollar investitsiya jalb etish va 2,8 milliard dollar eksportni taʼminlash moʻljallangan.

Bundan buyon tumanlar salohiyatini sunʼiy intellekt yordamida tahlildan oʻtkazib, sanoat, investitsiya va eksport boʻyicha yangi imkoniyatlarni aniqlash zarurligi qayd etildi. Bu ishlar samarasini yanada oshirish uchun viloyatda “Raqamli taraqqiyot – sunʼiy intellekt markazi”ni ochish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.

Viloyatda sanoatni boshqarish boʻyicha yangi tizim joriy etilayotgani, hokimning sanoat masalalari boʻyicha oʻrinbosariga investitsiya va eksportni koʻpaytirish, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini oshirish boʻyicha aniq samaradorlik koʻrsatkichlari belgilanishi aytildi.

Joriy yilda 883 ta mahallani kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, 84,7 ming aholini doimiy ishga joylashtirish, 37 ming norasmiy ish oʻrnini legallashtirish va 13,3 ming ishsiz fuqaroni kasbga oʻqitish vazifasi qoʻyildi.

Sanoatdagi qoʻshimcha oʻsish manbalari sifatida qator yangi loyihalar koʻrsatib oʻtildi. Jumladan, Angren shahrida keramik va keramogranit plitka ishlab chiqarish, Yangiyoʻl tumanida “Tinchlik” kichik sanoat zonasi, Parkent tumanida “Parkent Pharm” erkin iqtisodiy zonasi, Oʻrta Chirchiq tumanida mebelchilikka ixtisoslashgan klaster, qoʻziqorin yetishtirish va shirin makkajoʻxori ishlab chiqarish, Yangiyoʻlda turkiyalik sarmoyador ishtirokida baliqchilik majmuasi, Nurafshon shahrida toʻqimachilik va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Yigʻilishda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.

Qayd etilganidek, chorva va parranda goʻshti yetishtirish hajmi hanuz poytaxt va viloyat ehtiyojlari uchun yetarli emas. Shu bois, Ohangaron tumanida chorvachilikni rivojlantirish va ozuqa bazasini kengaytirish boʻyicha alohida dastur amalga oshiriladi. Bu yerda Qoʻychilik va echkichilik ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etib, 50 ming bosh naslli qoʻy va echki olib kelish rejalashtirilgan. Ohangaron oʻrmon xoʻjaligi balansidagi oʻrmon bilan qoplanmagan 60 ming gektar yaylovni auksion orqali ajratish mexanizmi joriy etiladi.

Umuman, 2026-yilda 2,1 trillion soʻmlik 78 ta chorvachilik loyihasi amalga oshirilib, 496 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Shuningdek, 35 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etish, yangi yerlarni oʻzlashtirish, bogʻ va uzumzorlar barpo qilish rejalashtirilgan.

Parrandachilikni rivojlantirish boʻyicha Oqqoʻrgʻon va Ohangaron tumanlarida yiliga 30 ming tonna parranda goʻshti yetishtirish quvvatiga ega, qiymati 45 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. Qayd etilganidek, piyoz va sarimsoqdan gektariga olinayotgan daromad gʻalladan bir necha oʻn barobar yuqori. Shuning uchun Ohangaronda gʻalla maydonlarini yuqori daromadli ekinlarga bosqichma-bosqich oʻtkazish taklifi maʼqullandi.

Qisqa vaqt ichida Boʻstonliqdagi “Amirsoy” qishki kurort majmuasi va “Beldersoy resort” maskani xalqaro darajadagi turizm markazlariga aylangani qayd etildi. Endilikda shunday loyihalarni Parkent, Gʻazalkent, Ohangaron va Angrenning togʻli hududlarida ham amalga oshirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi. Masalan, Parkentda “Oltin bel” choʻqqisi va unga tutash hududda mehmonxona, “shale” uslubidagi uylar, dam olish va koʻngilochar majmualarni oʻz ichiga olgan togʻ-changʻi kurort zonasi, Ohangaron tumanida esa “Moviy togʻlar” dam olish oromgohi negizida zamonaviy turizm majmuasi tashkil etiladi.

Shuningdek, Angren shahrining Lashkarak va Yangiobod hududlarida “turizm qishloqlari”, Bekobod tumanida ekologik va ov turizmi, Parkent tumanida “Kumushkon” turizm majmuasi hamda Parkentsoyda oilaviy dam olish maskanlari va mehmon uylarini tashkil etish rejalashtirilgan. Joylashtirish vositalari quvvatini 35,5 ming oʻringa yetkazish koʻzda tutilgan.

Mazkur ishlar hisobidan viloyatda turizm eksportini 600 million dollarga, xorijiy va mahalliy sayyohlar sonini 16,5 millionga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda viloyatning “ogʻir” toifadagi va “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi” tuman, shahar va mahallalaridagi 231 ta loyihaga 956 milliard soʻm ajratilgani qayd etildi. Aholi mahallalarida uy-joy, elektr, suv, kanalizatsiya va yoʻllar yaxshilash ishlarini jadallashtirish vazifasi qoʻyildi.

Xususan, ichimlik suvi bormagan 39 ta mahalla markazlashgan ichimlik suvi bilan toʻliq taʼminlanadi, yana 81 ta mahalladagi 166,7 kilometr yaroqsiz suv tarmogʻi rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, 145 ta mahalladagi 121 ta eskirgan transformator yangilanib, 443,6 kilometr elektr tarmoqlari almashtiriladi.

Yigʻilishda yirik ijtimoiy va innovatsion loyihalar ham koʻrib chiqildi. Jumladan, Yuqori Chirchiq tumanida 400 gektar maydonda qiymati 5 milliard dollar boʻlgan “Tashkent Medical Smart City” xalqaro innovatsion tibbiyot shaharchasini barpo etish rejasi muhokama qilindi. Shu bilan birga, Nurafshon shahrida 35,4 million dollarlik Kelajak texnologiyalari markazini tashkil etish, 100 dan ortiq xorijiy AT kompaniyani jalb qilish va xizmatlar eksportini yiliga 20 million dollarga yetkazish, 670 oʻrinli koʻp tarmoqli tibbiyot klasteri, ijtimoiy muassasalar markazi, viloyat davlat arxivi binosi kabi loyihalar koʻrib chiqildi.

Bundan tashqari, aholi murojaatlari bilan ishlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash, “yashil iqtisodiyot” va yoshlarga oid siyosat borasida olib borilayotgan ishlar hamda kelgusi rejalar koʻrib chiqildi.

Yigʻilish yakunida Prezidentimiz mutasaddilarga viloyat islohotlar shtabi bilan birgalikda mavjud salohiyatdan toʻliq foydalanib, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va yashash sharoitini yaxshilashga qaratilgan har bir dastur va loyihaning aniq natija berishini taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berdi. Toshkent viloyatini kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirib, boshqa hududlar uchun namuna ko‘rsatish mas’ullar faoliyatining eng ustuvor vazifasi bo‘lishi belgilandi.