Yirik energetika tizimlarida ayrim elektr stansiyalari yoki elektr uzatish tarmoqlarining avariyaviy oʻchishi natijasida ishlab chiqarish va isteʼmol oʻrtasidagi muvozanat buzilib, elektr chastotasi pasayishi mumkin. Bunday vaziyatda zarur choralar oʻz vaqtida koʻrilmasa, avariya bir hududdan boshqa hududlarga tarqalib, keng koʻlamli uzilishlarga, hatto tizimli avariya — blekautga olib kelishi mumkin.

Bunday holatlarda avariyaga qarshi avtomatika tizimlari energotizimni himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasining elektr tarmoqlari va podstansiyalarida ushbu tizimlarning oʻz vaqtida, toʻliq va toʻgʻri ishlashi natijasida avariyaning respublika energotizimida kengayib ketishining oldi olindi.

Shuningdek, avariya oqibatida qisqa vaqt ichida yoʻqolgan quvvatning oʻrnini toʻldirishda energiya saqlash tizimlaridagi (BESS) zaxira energiyani tarmoqqa tezkor uzatish muhim rol oʻynadi. Energiya saqlash tizimlari zarur paytda energiyani juda qisqa vaqt ichida tarmoqqa berish imkonini taʼminlab, quvvat muvozanatini tiklash va chastotaning keskin pasayishining oldini olishga xizmat qildi.

Agar yoʻqolgan quvvatni faqat elektr stansiyalarini ishga tushirish orqali qoplashga toʻgʻri kelganida, bu jarayon koʻproq vaqt talab qilgan boʻlar edi. Bu esa energotizimda energiya saqlash texnologiyalari nafaqat elektr energiyasini saqlash, balki avariyaviy holatlarda tizim barqarorligini taʼminlash vositasi sifatida ham muhim ekanini koʻrsatdi.

Surxondaryo viloyatining elektr taʼminoti asosan ikkita 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmogʻi orqali taʼminlanadi. Ularning biri qoʻshni davlat hududidan, ikkinchisi esa Qashqadaryo viloyati hududidan elektr energiyasini yetkazib beradi.

Avariya vaqtida ushbu ikki tarmoqdan birida rejali taʼmirlash ishlari olib borilayotgan edi. Shu sababli qoʻshni davlatdan elektr energiyasi keladigan tarmoqda uzilish yuzaga kelishi viloyat elektr taʼminotini qisqa vaqt ichida toʻliq tiklash imkonini chekladi.

Koʻrilgan tezkor choralar natijasida rejali taʼmirlashda boʻlgan 500 kVli elektr uzatish tarmogʻi xavfsizlik talablariga muvofiq ishga tayyor holatga keltirilib, qayta ishga tushirildi. Buning natijasida Surxondaryo viloyatida elektr taʼminoti bosqichma-bosqich toʻliq tiklandi.

Soʻnggi yillarda energetika sohasiga kiritilgan investitsiyalar bugungi avariyaviy vaziyatda energiya saqlash tizimlarining tezkor quvvat berish imkoniyati hamda avariyaga qarshi avtomatika tizimlarining oʻz vaqtida ishlashi orqali tizim barqarorligi va energetika xavfsizligini taʼminlashda amaliy ahamiyatini yana bir bor koʻrsatdi.