Fargʻona davlat universitetida “Talabalar ligasi” sport musobaqalarining futzal sport turi boʻyicha respublika final bosqichi gʻolib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Mazkur nufuzli sport tadbiri oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, sportga boʻlgan qiziqishni oshirish hamda yoshlar oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Unda respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan kuchli jamoalar oʻzaro bahs olib bordilar. Musobaqa davomida sportchilarning jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi, taktik mahorati va gʻalabaga boʻlgan intilishi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Tadbir davomida soʻzga chiqqan tashkilotchilar va mutasaddilar talaba-yoshlarning sportdagi muvaffaqiyatlari, ularning qatʼiyati hamda jamoaviy birdamligini alohida eʼtirof etdilar. Shuningdek, yosh sportchilarga kelgusidagi musobaqalarda ham ulkan zafar va omad tilandi.
Musobaqa yakunlariga koʻra futzalning 5x5 yoʻnalishida Fargʻona davlat universiteti jamoasi faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Surxondaryo viloyati nomidan ishtirok etgan Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti jamoasi esa musobaqada yuqori mahorat namoyish etib, faxrli ikkinchi oʻrinni egalladi. Denovlik talabalar final bosqichida munosib ishtirok etib, oʻzlarining jamoaviy oʻyini, iroda va matonati bilan koʻpchilikning eʼtiborini qozondi. Ularning ushbu natijasi institut jamoasi hamda Surxondaryo yoshlari uchun katta yutuq boʻldi.
Shuningdek, Namangan davlat universiteti jamoasi uchinchi oʻringa sazovor boʻldi. Gʻolib va sovrindor jamoalarga diplom, medal hamda qimmatbaho sovgʻalar topshirildi. “Talabalar ligasi” sport musobaqalari yoshlarni sportga keng jalb qilish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, Denovlik talabalarning ushbu musobaqadagi muvaffaqiyatli ishtiroki yoshlar uchun katta motivatsiya va faxr manbai boʻlib xizmat qilmoqda.
Madina Umirqulova,
Gulshoda Hoʻshboqova,
Mardanova Mohira,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti oʻqituvchilari