Sertifikatlarni topshirish marosimida universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, talabalar, bir qator oliy taʼlim muassasalari rektorlari hamda ASIIN xalqaro agentligining Markaziy Osiyo boʻyicha koordinatori Irina Yefimova onlayn ishtirok etdi.
Xalqaro akkreditatsiyadan biologiya, kimyo va fizika yoʻnalishlaridagi bakalavriat dasturlari, shuningdek, ushbu uchta mutaxassislik boʻyicha magistratura dasturlari muvaffaqiyatli oʻtdi.
Universitet rektori Abdugʻaffor Qirgʻizboyev tadbirda taʼlim sifatini oshirish, xalqaro standartlarni joriy etish va mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Uning taʼkidlashicha, xalqaro akkreditatsiya taʼlim dasturlari sifati, oʻquv jarayoni samaradorligi va mutaxassislar tayyorlash tizimining xalqaro mezonlarga muvofiqligini baholashda muhim ahamiyatga ega.
Tadbirda universitetda taʼlim dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish ishlari davom ettirilishi ham maʼlum qilindi. Jumladan, filologiya va tillarni oʻqitish yoʻnalishlari boʻyicha 3 ta, iqtisodiyot yoʻnalishlari boʻyicha esa 5 ta taʼlim dasturini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish rejalashtirilgan.
Marosim yakunida xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan 6 ta va maxsus akkreditatsiyadan oʻtgan 22 ta taʼlim dasturining sertifikatlari tegishli fakultet dekanlari hamda kafedra mudirlariga topshirildi.
Ushbu natijalar universitetning taʼlim sifatini xalqaro mezonlar asosida takomillashtirish va taʼlim dasturlarining raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan ishlarining muhim bosqichi hisoblanadi.
Jasur Lapasov