Unda davlat va jamoat arboblari, madaniyat va sanʼat namoyandalari, ijodkor ziyolilar, “Yalla” ansambli aʼzolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari soʻzga chiqib, Farrux Zokirovni ushbu qutlugʻ sana bilan samimiy qutladi, unga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik va yangi-yangi ijodiy yutuqlar tiladi.

Taʼkidlanganidek, Zokirovlar sulolasi koʻp yillardan buyon milliy musiqa va qoʻshiqchilik sanʼatimizning rivojiga beqiyos hissa qoʻshib kelmoqda. Oʻzbekiston xalq artisti Karim Zokirov asos solgan sanʼat maktabi, milliy oʻzbek estradasi asoschilaridan biri Botir Zokirovning boy ijodiy merosi xalqimizning ulkan maʼnaviy boyligi sifatida yuksak qadrlanadi.

Butun bir oila va avlodning oʻz umrini sanʼat va madaniyat ravnaqiga bagʻishlashi dunyoda kam uchraydigan noyob hodisa ekani alohida qayd etildi. Farrux Zokirov ana shu ulugʻ anʼanalarni munosib davom ettirib, milliy estrada sanʼatini yangi bosqichga olib chiqqan sanʼatkor sifatida eʼtirof qilindi.

Tadbirda Farrux Zokirov nafaqat xalqimiz, balki butun Markaziy Osiyo, Hamdoʻstlik mamlakatlari va turkiy ellarning sevimli sanʼatkori ekani taʼkidlandi. Uning Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti degan faxriy unvonlar bilan bir qatorda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Tatariston, Boshqirdiston va Ingushetiya xalq artisti degan yuksak unvonlarga sazovor boʻlgani uning ijodiga berilgan katta baho sifatida qayd etildi.

Bugun Farrux Zokirov deganda “Yalla” ansambli, “Yalla” deganda esa Farrux Zokirov siymosi koʻz oldimizda gavdalanadi. Mana 55 yildirki, ushbu mashhur jamoa nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoning nufuzli sahnalarida ham goʻzal qoʻshiqlar kuylab, millionlab muxlislar mehrini qozonib kelmoqda. “Yalla” ansambli jamoaviy estrada ijrochiligini yoʻlga qoʻyib, yurtimiz sanʼati va madaniyati tarixida butunlay yangi sahifa ochdi. Bugun xalqimizning bayramlari, muhim tadbirlari va qutlugʻ ayyomlarini ushbu ansambl ijrosidagi qoʻshiqlarsiz tasavvur etib boʻlmaydi.

Tadbirda “Yalla” ansambli aʼzolari Javlon Toʻxtayev, Abbos Aliyev, Temur Xalikov va Igor Xalikovning ham koʻp yillik samarali faoliyati eʼtirof etildi.

Qayd etilganidek, “Yalla” ansambli ijrosidagi 400 dan ortiq qoʻshiqlardagi milliy ruh va ohang chinakam xalq sanʼati namunasiga, milliy madaniyatimizning “oltin fondi”ga aylangan. “Yallama yorim”, “Yoʻl boʻlsin”, “Handalak”, “Majnuntol”, “Kelibdi” singari qoʻshiqlar, “Choyxona”, “Sumalak” kabi asarlar milliy qadriyatlarimizni tarannum etsa, “Toshkentim onam”, “Uchquduq”, “Shahrisabz” kabi qoʻshiqlar yurtimizning betakror goʻshalarini dunyoga keng tanitdi.

Davlatimiz rahbari Farrux Zokirovning yurtimiz ijtimoiy-madaniy hayotidagi faol ishtirokiga ham alohida toʻxtalib, uning yuzlab yoshlarga ustozlik qilib, ularni katta sahnalarga olib chiqayotgani, “Ovoz” kabi yirik loyihalar orqali yangi isteʼdodlarga sanʼat sirlari va sahna madaniyatini oʻrgatayotgani barcha uchun haqiqiy ibrat ekanini taʼkidladi.

Mintaqa ijodkorlari bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik xalqlar oʻrtasida maʼnaviy koʻprik vazifasini oʻtayotgani qayd etildi. Shuningdek, davlatimiz Farrux Zokirov kabi sanʼat dargʻalarining xalqaro ijodiy loyihalari va yangi asarlarini hamisha qoʻllab-quvvatlashi taʼkidlandi.

Tantanada Farrux Zokirovning koʻp yillik samarali mehnati, milliy madaniyatimiz va sanʼatimizni rivojlantirish yoʻlidagi fidokorona xizmatlarini munosib taqdirlash maqsadida Prezident tomonidan alohida farmon va qaror imzolangani eʼlon qilindi.

Xususan, Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabiga Farrux Zokirov nomi beriladi.

Ushbu maktabda “Yalla” nomidagi bolalar ansambli, yoshlar ijodiy laboratoriyasi, zamonaviy ovoz va video yozish studiyasi tashkil etiladi. “Ustoz-shogird” anʼanalari asosida estrada yoʻnalishi boʻyicha ijrochilik mahorati sinflari yoʻlga qoʻyiladi, ustoz ijodkorlarning oyligiga qoʻshimcha ustama toʻlanadi. Maktabda aʼlo baholarga oʻqiyotgan oʻquvchilar uchun ixtisoslashgan sanʼat va madaniyat taʼlim muassasalariga qabul boʻyicha alohida imkoniyatlar yaratiladi. Har yili respublika hududlaridan iqtidorli oʻquvchilar mazkur maktabda oʻz mahoratini oshirib boradi. Budjet hisobidan iqtidorli oʻquvchilar ustozlari bilan birga nufuzli xalqaro koʻrik-tanlovlarga yuboriladi va munosib ragʻbatlantiriladi.

Tadbirda ushbu taʼlim dargohi yurtimizdagi eng namunaviy maskanlardan biriga aylanib, Zokirovlar sulolasi yaratgan bebaho ijodiy merosni kelajak avlodga yetkazishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Tantanali marosimda Prezidentimiz milliy sanʼatimiz va madaniyatimizni rivojlantirish yoʻlidagi koʻp yillik beqiyos xizmatlari uchun Farrux Zokirovga “Buyuk xizmatlari uchun” ordenini topshirdi.