Jurnalist Viktoriya Panfilovaning yozishicha, bundan bir necha yil avval Oʻzbekiston koʻpchilik ruslar, ayniqsa sobiq sovet davrini boshdan kechirmaganlar uchun oʻziga xos “terra incognita” edi.
“Ammo Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruviga kelganidan soʻng vaziyat tubdan oʻzgara boshladi. Zamonaviy tipdagi pragmatik lider toʻgʻri ravishda yopiqlik boshqaruv hozirgi dunyo haqiqatiga toʻgʻri kelmaydi, deb hisoblaydi. Bundan kelib chiqib, turizm mamlakat taraqqiyotining muhim elementlaridan biri sifatida belgilandi”, - deb yozgan u.
Nashrda qayd etilishicha, turizm sohasi bir qator mamlakatlar, jumladan, jahon ahamiyatiga molik tarixiy diqqatga sazovor joylarga boy Oʻzbekistonning iqtisodiy taraqqiyotida muhim oʻrin tutadi.
Muallifga koʻra, Oʻzbekistonda soʻnggi besh yil ichida vaziyat keskin oʻzgargan. Aeroportlar va yoʻllar qurildi hamda rekonstruksiya qilindi, oilaviydan tortib xalqaro toifadagi hashamatli minglab yangi mehmonxonalar paydo boʻldi.
“Natijada bugungi kunda Oʻzbekistonda turizm jadal rivojlanmoqda. Oʻtgan yili bu yerga birgina Rossiyadan qariyb 570 ming sayyoh kelganini aytish kifoya. Va bu, bir yil oldingiga qaraganda uch baravar koʻp. MDHning boshqa davlatlaridan ham sayyohlar oqimi ortib bormoqda. Boshqa narsalar qatorida, mehmonlarni tinch, doʻstona muhit va mahalliy aholining munosabati oʻziga jalb qiladi. Biroq mehmondoʻstlik hamisha oʻzbeklarning oʻziga xos xususiyati boʻlib kelgan”, - deya qayd etgan nashr.
Maqolada xorijlik ekspertlarning Oʻzbekistonda turizm sohasining rivojlanishi haqidagi fikrlari ham oʻrin olgan. Bundan tashqari, turizm bilan bogʻliq xususiy sektorni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari koʻrilayotgani taʼkidlangan. “Xususan, turoperatorlar va aviatashuvchilarning Samarqand, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlariga xorijiy davlatlardan charter reyslarni tashkil etish xarajatlarining bir qismi qoplanadi, - deb yozgan muxbir.- Shuningdek, balandligi kamida besh qavatli yangi mehmonxonalarni qurish va jihozlash uchun investorlar xarajatlarining bir qismini qoplash tizimi joriy etilmoqda. Olis va borish qiyin boʻlgan hududlaridagi kemping egalari va safari-turizmi tashkilotchilariga soliq imtiyozlari beriladi”.
Shuningdek, nashrda joriy yilning oktyabr oyida BMT Jahon sayyohlik tashkiloti (YUNVTO) Bosh Assambleyasining 5-yubiley sessiyasi Oʻzbekistonda ilk bor boʻlib oʻtishi maʼlum qilingan. Maʼlum qilinganidek, Samarqandda dunyoning 160 ga yaqin davlatidan turizm sohasida faoliyat yurituvchi davlat organlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, turizm biznesi vakillari ishtirok etadi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston YUNVTO Ijroiya kengashining 2023-2027-yillarga moʻljallangan Vakolatlar boʻyicha qoʻmitasi aʼzoligiga qabul qilindi.
“Bu respublika zimmasiga BMTning ushbu muhim boʻlinmasi Ijroiya kengashi tomonidan qabul qilingan muhim qarorlar va hujjatlarning haqiqiyligi hamda prinsiplariga rioya etilishini nazorat qilish vakolati yuklanganligini anglatadi. Oʻz navbatida, bu mamlakatning xalqaro maydondagi mustahkam oʻrni va Oʻzbekistonning xalqaro nufuzi tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi”, - deb yozgan muallif.
Jurnalist, shuningdek, mutaxassislarning fikriga qoʻshilgan holda, turizm Oʻzbekiston iqtisodiyotining drayveriga aylanishi mumkinligini alohida urgʻulagan.
“Sayyohlik sohasidagi taraqqiyot turdosh tarmoqlarning rivojlanishini taqozo etadi va yuqori multiplikativ effektga ega boʻlgan daromadlarni oshirishga xizmat qiladi. Turizm yangi ish oʻrinlari yaratishda ham muhim omil hisoblanadi”, - deyiladi “Nezavisimaya gazeta”sida bosilgan maqolada.