9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Oʻzbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchixonasi diplomatlari Niderlandiyaning Lyoysden shahridagi “Rastxof” qabristoni hududida joylashgan “Sovet shon-sharaf maydoni” xotira xiyobonida boʻlib oʻtgan anʼanaviy marosimda ishtirok etdi.
Unda Niderlandiyaning “Sovet shon-sharaf maydoni” jamgʻarmasi koʻngillilari, shu jumladan, mahalliy oliy oʻquv yurtlari talabalari hamda maktab oʻquvchilari, Niderlandiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar qatnashdi.
Tadbir davomida Ikkinchi jahon urushida Niderlandiyada qurbon boʻlib, mazkur xotira maydonida dafn etilgan 865 nafar sovet askarlari, shu jumladan, oʻzbekistonlik 101 nafar askarning qabrlariga gul qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi.
Shu bilan birga, Ikkinchi jahon urushi, uning halokatli oqibatlari, Oʻzbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan Buyuk gʻalabaga qoʻshgan munosib hissasi, shuningdek, xalqimizning shaʼni va qadr qimmatini himoya qilishda sinmas iroda va jasorat koʻrsatgan ajdodlarimizning muqaddas xotirasini abadiylashtirish boʻyicha davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar toʻgʻrisida soʻz yuritildi.
Niderlandiyaning “Sovet shon-sharaf maydoni” jamgʻarmasi boshqaruv kengashi raisi Remko Reyding oʻz nutqida, Lyoysden shaharchasida dafn etilgan koʻplab oʻzbek askarlari qabrlariga gul qoʻyish orqali ularni ruhiga hurmat koʻrsatish yaxshi anʼanaga aylanganini taʼkidlab oʻtdi. “Bu orqali biz Ikkinchi jahon urushi yillarida katta qurbonlikni boshdan kechirgan oʻzbek askarlari xotirasini hurmat bilan yana bir bor yodga olamiz va ularning nomlarini unutilmasligiga va abadiy saqlanishiga harakat qilamiz”, dedi u.
“Sovet shon-sharaf maydoni” jamgʻarmasi boshqaruv kengashi aʼzosi Natalya de Yong har yili Niderlandiyada keng nishonlanadigan “Natsizmdan ozodlik kuni” arafasida bu tadbirni tashkil etish orqali Ikkinchi jahon urushida halok boʻlganlarni abadiy xotirlash muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.
Tadbirda ishtirok etgan vatandoshlar ushbu tadbir yurtimiz himoyasi va uning tinchligi uchun oʻz jonlarini fido qilgan 101 nafar oʻzbekistonliklar xotirasini yana bir bor yodga olish, ularning xaqqiga duo qilish va nomlarini hurmat va minnatdorlik bilan eslash bugungi yosh avlodlarning burchi ekanligini qayd etdilar.
Shundan soʻng urush qurbonlari ruhlariga bagʻishlab Qurʼon tilovat qilindi.