Qishloq odamlari quyoshdan erta uyg‘onib, mehnat qilishga odatlangan. Yerga oftob tushmay uy, tomorqa ishlariga ulgurib qolaylik, deymiz. Bolaligimiz mehnat bilan o‘tgan bo‘lsa-da, shamollashga moyilligim sabab otam salomatligimga jiddiy e’tibor qaratar, uncha-muncha ishga qo‘l urdirmasdi.
Hech esimdan chiqmaydi. Maktabni bitirib, institutga o‘qishga kirdim. Yangi kiyimlarim qatoriga onam 3-4 choyshab tikib qo‘shib qo‘ydi. Chunki yaqin orada paxtaga ketishimiz aytilgan. Sog‘lig‘imdagi muammo hisobga olinmadi. To‘rt yil davomida kuzni bir xil kayfiyatda o‘tkazdik. To‘g‘ri, biz — talabalar uchun u davrning ham gashti bo‘lgan, biroq Furqat, Dang‘ara, O‘zbekiston tumanlari atrofidagi dalalarning, cho‘llarning zax havosi tufayli ko‘p kasal bo‘lib qolardim. To‘yib ovqatlanish qayerda deysiz?! Kimningdir ota-onasi ko‘rishga kelsa, “shtab”da bayram bo‘lib ketardi.
Institutdan so‘ng Buvayda tumanidagi bog‘chada ishladim. Mutaxassisligim psixolog bo‘lgani bois, bolalar bilan ishlash — joni dilim. So‘ng 38-maktabga o‘tdim. Har ikkala muassasada ham psixolog shtati bitta, biroq
paxta terimi deysizmi, ko‘chat yoki gul ekish deysizmi, oqlash-ko‘klashmi — barcha ishni qildik. Issiqni issiq, sovuqni sovuq demadik. Bora-bora ko‘chaga ishga chaqirishlariga o‘rganib ham qoldik. Axir bu faoliyatimizning bir qismiga aylanib ulgurgan edi-da. Supurgi ko‘tarish mayli, kurak yoki ketmon bilan yurishga odatlandik. Buyruqqa itoat qilmasak, hayfsan olardik. Eng og‘riqlisi, tarbiyachilarning mehnatga majburlanishi ortidan guruhdagi 25-30 bola birgina mutaxassis qo‘lida qolib ketardi. Yasli guruhlarida hali bog‘chaga moslashmagan kichkintoylarga javobgarlik og‘ir edi.
Majburiyat va majburlik o‘rtasida farq bor ekan. Odam qaysi kasbga qiziqsa, uning etagidan tutishga harakat qiladi. Qaysi kasbga mehr qo‘ysa, tizimdagi har bir masala majburiyatiga aylanadi. Muammolarning yechimini topmaguncha tinchimaydi. Bolalikdan qiziqqan soham psixologiya bo‘lgani uchun bolalar ruhiyatini o‘rganish, ular bilan ishlashdan zavqlanaman. Ta’lim jarayonidan tashqari holatlar esa, o‘sha paytlarda tabiiyki, o‘z ustimizda ishlashga, o‘zimizni kashf etishga imkon bermasdi.
Keyingi yillarda hammasi o‘zgardi, psixologlar ta’biri bilan aytganda, “ijtimoiy ruhiyatda tub burilish” yuz berdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda pedagoglar sha’ni va qadr-qimmati davlat himoyasiga olinishi, majburiy mehnatga barham berilishidan kim eng ko‘p quvondi? Biz! Bu yangilik haqiqiy bayramga aylandi. Nihoyat, biz ham o‘z faoliyatimiz bilan mashg‘ulmiz.
Bu o‘zgarish va e’tiborning kichkina muassasamizga ijobiy ta’sirini aytay. O‘rta ma’lumotli yordamchi tarbiyachilar ham oliy ta’lim olishni, kichkintoylar bilan professional ishlashni istayapti. Ularni rag‘batlantiraman, chunki davlatimiz o‘qing, ta’lim oling, kelajak sizniki, deya yoshlarni, ayniqsa, xotin-qizlarni ruhlantiryapti. Guruhlardagi muhit o‘zgaryapti, tarbiyachilar intilyapti, shunga yarasha ota-onalar farzandini maktabgacha ta’lim tashkilotlariga berishga harakat qilyapti. Bularning bari hayotimiz o‘zgarayotganidan darak.
Sohiba YUSUPOVA,
Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi 11-DMTT direktori