Oila kodeksiga koʻra nikoh quyidagi hollarda haqiqiy emas deb topiladi:
— nikoh tuzishga majburlanganda;
— nikoh yoshiga rioya qilinmaganda (nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun oʻn sakkiz yosh etib belgilanadi. Uzrli sabablar boʻlganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tugʻilishi, voyaga yetmagan shaxsning toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga koʻra nikoh davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini koʻpi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin);
— loaqal bittasi roʻyxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxs boʻlsa;
— nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan qarindosh, tugʻishgan va oʻgay aka-ukalar bilan opa-singillar, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar boʻlsa;
— loaqal bittasi ruhiyat buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa;
— soxta nikoh tuzilganda, yaʼni er-xotin yoki ulardan biri oila qurish maqsadini koʻzlamay nikoh qayd qildirganda;
— nikohlanuvchi shaxslardan biri tanosil kasalligi yoki odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV kasalligi) borligini ikkinchisidan yashirganda, agar ikkinchisi sudga shunday talab bilan murojaat etsa.
Nikohni haqiqiy emas deb topish faqat sud tartibida amalga oshiriladi.








