Nikoh tuzish va ajratishni qayd etish uchun arizalarni DXM orqali qabul qilish boʻyicha eksperiment oʻtkaziladi

    Ijtimoiy hayot 29 Sentabr 2022 2350

    “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish tartiblarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (540-son, 28.09.2022-y.) qabul qilindi

    Qarorga muvofiq, tugʻilganlikni tibbiyot muassasalari orqali fuqarolik dalolatnomalarini yozish boʻlimlarida qayd etish tartibi 2023-yil 1-yanvardan Toshkent shahrida, 2023-yil 1-iyundan esa butun respublika hududida joriy etiladi.

    Tugʻilganlik holati FHDYO boʻlimlarida qayd qilinganligi haqida tibbiyot muassasalari tomonidan QR-kod tasviri tushirilgan maʼlumotnoma beriladi va ushbu maʼlumotnoma tugʻilganlik haqidagi gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi va davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qabul qilishni rad etish taqiqlanadi.

    Nikoh tuzish va nikohdan ajratishni qayd etish uchun arizalarni Sirdaryo viloyatidagi tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish boʻyicha huquqiy eksperiment oʻtkaziladi.

    Huquqiy eksperiment 2022-yil 1-noyabrdan 2023-yil 1-iyulgacha amalga oshiriladi.

    Shunga koʻra, qaror bilan Nikoh tuzish va nikohdan ajratishni qayd etish uchun davlat xizmatlari markazlari orqali arizalar qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik maʼmuriy reglament tasdiqlandi.

    Nikohga kirish haqida ariza berilganda nikohlanuvchi shaxslarning yashash joyidagi mahalla fuqarolar yigʻinini xabardor qilish tartibi bekor qilindi.