Nima sababdan jigar kattalashadi?

    Salomatlik 5 Iyul 2021 49089

    Jigar — tanamizdagi eng katta ahamiyatga ega boʻlgan organlardan biridir. U ovqatni hazm qilishga yordam beradi, hayot uchun zarur boʻlgan moddalarni sintezlaydi, organizmdan toksinlarni siqib chiqaradi. Bajaradigan funksiyalari koʻp ekani bois, bu organ kasallanishga moyilligi yuqori boʻlgan aʼzolardan biri.

    Jigar hajmi kattalashishi yoxud ilmiy til bilan aytganda, gepatomegaliya xastaligi borasidagi savollarga Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Muhayyo Asilova javob berdi.

    — Gepatomegaliya xastaligining kelib chiqish sabablari qaysilar?

    — Jigar oʻlchamining kattalashishi bir qator kasalliklar natijasida yuzaga kelishi mumkin. Eng koʻp tarqalgan etiologik omillardan biri — aʼzo qon tomirlari kasalliklaridir.

    Koʻpincha gepatomegaliyaga darvoza venasi va jigar venasi zararlanishi (tromb hosil boʻlishi natijasida), kam holatlarda jigar arteriyalari shikastlanishi sabab boʻladi.

    Bundan tashqari, infeksion-virusli kasalliklar ham jigar kattalashishiga olib kelishi mumkin. Gepatomegaliya oʻsma kasalliklarining asosiy belgilaridan biridir.

    Shuningdek, gepatomegaliya jigar toʻqimalarining degenerativ oʻzgarishlari (steatogepatoz, steatogepatit, yurak-qon tomir tizimi patologiyalarida ikkilamchi oʻzgarish), amiloidoz, gepatotoksik moddalar (alkogol, dori preparatlari, ayrim sunʼiy moddalar) taʼsirida ham yuzaga keladi.

    — Ushbu kasallik belgilari qanday?

    — Jigar oʻlchamining kattalashishi asosiy kasallik belgilari bilan aniqlanadi. Oʻrtacha gepatomegaliya (virusli gepatit, bolalarda ovqatlanishning buzilishi bilan yuzaga keluvchi holatlar)da bemorni bezovta qiladigan belgilar yuzaga chiqmasligi mumkin.

    Jigar oʻlchami yaqqol kattalashadigan boʻlsa, oʻng qovurgʻa osti sohasida ogʻirlik hissi, ogʻriq (harakatlangan vaqtda kuchayuvchi) sezilishi mumkin. Bundan tashqari, terida toshmalar, qichishish, dispeptik belgilar (koʻngil aynishi, ich kelishining buzilishi, qorin dam boʻlishi), ogʻizdan badboʻy hid kelishi ham jigar kattalashganligidan dalolat beradi.

    Virusli gepatit fonida kelib chiqadigan gepatomegaliya holatlarida jigar parenximasi qattiqlashadi va palpatsiyada oson aniqlanadi. Intoksikatsiya jigar kattalashishi koʻz sklerasi va teri qoplamalarining sargʻayishi bilan namoyon boʻladi.

    Jigar sirrozida gepatomegaliya holati gepatositlar zararlanishi natijasida va ular oʻrnida biriktiruvchi toʻqima hosil boʻlishi hisobiga kelib chiqadi. Bunda aʼzo qattiqlashadi, doimiy ogʻriq hissi boʻladi, terining yashil-sargʻish tusdaligi, qon ketishga moyillikning ortishi kuzatiladi.

    Yuqoridagi belgi va oʻzgarishlar kuzatilganda, albatta, oʻz vaqtida gepatolog shifokorga murojaat qilishingiz lozim boʻladi.

    Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.