2018-yilda jamiyat tarkiga kiruvchi korxonalar 3.3 mlrd dollarlik mahsulot yaratgan (asosiy qismi tayyor avtomobillar, qolgani ehtiyot qismlar). Bu davr davomida aksiyadorlik jamiyatiga kiruvchi korxonalar 220 mingta avtomobil ishlab chiqargan.
Bundan kelib chiqadiki, mavjud ishlab chiqarish proporsiyaga koʻra, har bitta avtomobilning oʻrtacha narxi 15 ming dollarni tashkil etadi. Aksiyadorlik jamiyati tarkibida ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalar borligini hisobga olsak va bu ehtiyot qismlarning(avtomobillarga qoʻshilmagan va bozorda ehtiyot qism sifatida sotilganlari) umumiy qiymati aksiyadorlik jamiyati ishlab chiqargan jami qiymatning 10% ini tashkil etadi deb qarasak(taxminan), unda har bitta avtomobilning oʻrtacha narxi 13.5 ming dollarni tashkil etadi.
Agar yuqoridagi ishlab chiqarish proporsiyasi boʻyicha jahon narxi 10 ming dollarni tashkil etadi deb qarasak(qoʻshimcha ehtiyot qismlarsiz 9 ming dollar). Hozirgi jahon narxi haqiqiy narxdan biroz baland boʻlishi mumkin, lekin mamlakatimizdagi modellarni ishlab chiqarish proporsiyasida(qoʻshimchasiga ehtiyot qismlar ham ishlab chiqariladi) oʻrtacha narxni topish mushkul. Shu sababli biroz taxminiy qiymatdan foydalanishga qaror qildim. Bu taxminiy narx haqiqiy vaziyatni 100% aniqlikda ifodalamasligi mumkin, ammo umumiy xulosa chiqarishda katta taʼsir oʻtkazmaydi.
Agar bitta avtomobilning mamlakatimizdagi narxi 15 ming jahon narxi 10 ming dollar(qoʻshimcha ehtiyot qismlar bilan birga),
•Chegaradagi toʻsiqlar ochilsa isteʼmol hajmi 220 mingdan 292 mingtagacha oshadi(elastiklik 1 deb olingan)
•Chegara ochilgan sharoitda ichki ishlab chiqaruvchi ishlab chiqarishni butkul toʻxtatadi deb hisob kitobni amalga oshirsak,
Hozirgi holatda mamlakatimizda avtosanoat mavjudligidan ishlab chiqaruvchilarning(shu sohada band boʻlgan barcha) koʻrayotgan foydasi 550 mln dollar tashkil etadi.Bojlarning mavjudligi natijasida isteʼmolchilar koʻrayotgan zarar esa, 1.3 mlrd dollarni tashkil etadi.
Mamlakatimizda ishlab chiqariladigan modellar deyarli import qilinmaydi(davlatning bojlardan koʻradigan foydasi taxminan 0$), ammo boshqa modellar import qilinishi natijasida davlatning bojlardan yillik koʻradigan foydasi 250 mln dollarni tashkil etadi deb hisoblasak.
Unda bojlar mavjudligidan iqtisodiyotning koʻradigan sof zarari 500 mln dollarni tashkil etadi(1.3 mlrd-(550+250)mln).Bu degani mamlakatimizda avtosanoatning mavjudligi har yili iqtisodiyotning taxminan 500 mln dollarga qisqarishiga sabab boʻladi. Yoki boshqacha aytganda har bir oʻzbekistonlik avtosanoatning mavjudligidan yiliga 15 dollarga kambagʻallashadi(agar potensial isteʼmolchilar inobatga olinsa zarar yana ortadi).
Oʻzavtosanoat tizimidagi korxonalarda hozirgi kunda taxminan 25 ming kishi ish bilan band hisoblanadi. Isteʼmolchilarning zararini hisobga oladigan boʻlsak(1.3 mlrd dollar), sohadagi har bitta ish oʻrnini saqlab qolish uchun isteʼmolchilar yiliga 52 ming dollar subsidiya toʻlashga majbur boʻlmoqda.
Agar shu sohadagi ishchilarning oʻrtacha oylik maoshi 300 $ ni tashkil etsa(yillik 3 600 $),chegaralarni umuman ochib yuborib ishchilarga shunchaki oylik toʻlash isteʼmolchilarga taxminan 14.5-marta arzonroqqa tushadi.Yaʼni hozirgi kunda har bir ishchi oʻrni saqlab qolinishi uchun isteʼmolchilar oʻrtacha maoshdan koʻra 14.5-marta koʻproq toʻlashga majbur boʻlmoqda(qimmatroq sotib olish evaziga).
Samarasiz sohaga resurslarni sarflash: oʻsha resurslar sarflangan sohaning rivojlanmasligini taʼminlashi bilan birga, boshqa potensial rivojlanishi mumkin boʻlgan sohaning ham resurslar yetishmasligi oqibatida rivojlanolmasligiga olib keladi. Umuman olganda men ham milliy ishlab chiqaruvchilarimiz ishlashini, rivojlanishini xohlayman ammo isteʼmolchilarning kambagʻallashishi evaziga ishlab turgan milliy ishlab chiqaruvchilar: birinchidan hech qachon rivojlanmaydi, ikkinchidan,doimo umumiy farovonlikning pasayishiga sabab boʻladi.
P.S Yuqorida aytganimdek, hisob kitoblardagi natijalar haqiqiy vaziyatdan biroz farq qilishi mumkin. Chunki elastiklik darajasi, jahon narxi, davlatning bojlardan koʻradigan foydasi yoki ehtiyot qismlar ulushining bir birlikka oʻzgarishi ham oxirgi natijada kattaroq oʻzgarishga sabab boʻladi( yuqoridagi 4 ta oʻzgaruvchi haqiqiy raqamlardan farq qilishining ehtimoli katta). Ammo haqiqiy raqamlarning yuqoridagi natijadan farq qilishi umumiy xulosaga taʼsir qilmaydi. Yaʼni natijadagi farq umumiy xulosaning oʻzgarib ketishiga sabab boʻlmaydi.
Mirkomil Xolboyev